Sinvar o‘limidan avval 72 soat davomida ovqat yemagan – ekspertiza
Olam
−
13:37
5316Falastinning HAMAS harakati sobiq yetakchisi Yahyo Sinvar o‘ldirilishidan oldin uch kun davomida hech narsa iste’mol qilmagani aniqlandi. Bu haqda “Mehr News Agency” xabar berdi.
Isroil Milliy sud ekspertizasi instituti direktori Xen Kugelga ko‘ra, Sinvarning shaxsini tasdiqlash maqsadida barmoq amputatsiyasi orqali DNK namunasi olingan. Bu Sinvarning 22 yil davomida Isroil qamoqxonasida bo‘lgan davridagi tibbiy kartasi borligi uchun amalga oshirilgan. HAMAS yetakchisi 2011 yilda asirlar almashish doirasida ozod etilgandi.
“Sinvar miyaning jiddiy shikastlanishiga olib kelgan o‘q jarohatidan so‘ng, yana bir necha soat yashagan”, deydi Kugel.
Ma’lumot uchun, Sinvar 61 yoshida, joriy yilning 17 oktyabr kuni isroillik askarlar tomonidan o‘ldirilgandi. U HAMASning G‘azo sektoridagi rahbari, tashkilotning harbiy qanoti va ichki xavfsizlik bo‘linmasi asoschilaridan biri bo‘lgan. U Isroil tomonidan uch marta – 1982, 1985 va 1988 yillarda hibsga olingan. 2011 yilda u Isroil qamoqxonasidan SAXAL askari Gilad Shalitni falastinlik asirlarga ayirboshlash doirasida ozod qilingan. 2012 yilda u Siyosiy byuroga saylangan. 2017 yilda esa u Ismoil Xoniya o‘rniga G‘azo sektoridagi HAMAS yetakchisi bo‘ldi. Xoniya 2024 yil iyul oyi oxirida Tehronda o‘ldirilgan, shundan so‘ng Sinvar HAMAS siyosiy byurosining yangi rahbari bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMAS harakatining tashqi idorasi rahbari Xolid Mash’al tashkilotning yangi rahbari bo‘lgandi. U harakatning vaqtincha rahbari lavozimini egallagan hamda endilikda garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etayotgan asosiy tomonlar bilan kechadigan barcha aloqalar uchun javobgardir. Lekin HAMAS rasmiylari uning lavozimga tayinlangani haqida haligacha rasmiy bayonot bermagan.
LiveBarchasi