Sindzo Abe Bosh vazirligi davrida uyushtirilgan ziyofatlar sabab so‘roq qilinishi mumkin

Olam

image

Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe hokimiyatdaligi davrida Liberal-demokratik partiya tarafdorlariga uyushtirilgan ziyofatlar masalasida so‘roq qilinishi mumkin. U saylov qonunchiligini buzgan deb hisoblanmoqda. Sobiq Hukumat rahbarining o‘zi so‘roqqa chaqirilmaganini aytyapti.

Ta’kidlanishicha, Sindzo Abe ziyofatlar uchun kiritilgan daromadlar va ishlatilgan xarajatlarni qayd etmagan. Ular 380 ming dollardan oshgan bo‘lishi mumkin.

Manbaga ko‘ra, 2018 yilda 800 kishiga ziyofat uyushtirilgan. Unda ishtirok etganlarning har biridan 46 dollardan olingan. Biroq bazmlar uyushtirilgan mehmonxonalar yuqori klassga oid bo‘lgan va kishi boshiga to‘lovlar odatdagidan ancha baland bo‘lgan. Dastlabki miqdor taxminan 100 dollarni tashkil etgani aytilgan. Shu munosabat bilan joriy yilning bahorida 660 kishidan iborat advokatlar guruhi tuzilgan. 

Ular saylov qonunchiligi buzilishi munosabati bilan Yaponiyaning o‘sha paytdagi Bosh vaziri Sindzo Abega qarshi ayblov hujjatlarini tayyorlagan. Mamlakat tarixida eng uzoq vaqt davomida Bosh vazir bo‘lgan Abe esa qonunbuzarlikni rad etgan. Hozirda bu bo‘yicha ish davom etmoqda.

Abe joriy yilning sentyabr oyida salomatligi tufayli iste’foga chiqqan. 

Ma’lumot uchun, Abe 2000 yillarning boshidan Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi rahbariyatining a’zosi sifatida maydonga chiqdi. 2006 yil sentyabrdan 2007 yil sentyabrgacha partiyaning saylovlardagi muvaffaqiyatidan so‘ng Hukumatni boshqargan va 52 yoshida Yaponiya tarixidagi eng yosh Bosh vazir bo‘lgan. Biroq, Vazirlar Mahkamasi obro‘sining tez pasayishi fonida Abe tayinlanganidan bir yil o‘tib, 2007 yilda iste’foga chiqqan. O‘shanda ham uning iste’fosi salomatligi yomonlashishi bilan bog‘langan.

2012 yilda Abe Liberal-demokratik partiyaning yetakchisiga aylandi va yana saylovlarda g‘olib bo‘ldi. Uning sakkiz yillik Bosh vazirligi Yaponiya uchun rekord darajadagi davrdir.


Maqola muallifi

Teglar

Sindzo Abe

Baholaganlar

54

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing