Hindiston-Pokiston: yadroviy kuchlar to‘qnashdi

Tahlil

Yadroviy kuchlar o‘rtasidagi ziddiyat kuchaymoqda. Yadro quroliga ega bo‘lgan Hindiston harbiylari joriy yilning aprel oyida Pahalgam sayyohlik shaharchasida sayyohlarga qilingan halokatli hujum uchun qasos sifatida bugun, 7 may kuniga o‘tar kechasi qo‘shni Pokistondagi to‘qqizta nishonga hujum qildi. Hindiston armiyasi Pokistondagi “terrorchilik” infratuzilmasiga qarshi qaratilgan “Sindur” operatsiyasini e’lon qilib, yarim tundan keyin mamlakatning Muzaffarobod shahri atrofiga raketa zarbalarini yo‘lladi. 

Hindiston Mudofaa vazirligi Pokistondagi 9 ta nishonga jami 9 ta raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi. Nyu-Dehli nishonlar Pokiston harbiy ob’ektlari emasligini alohida ta’kidladi.

“Pokistonning hech bir harbiy ob’ektiga hujum qilinmadi. Hindiston maqsad va usullarni tanlashda ancha vazminlik ko‘rsatdi”, deyilgan Hindiston Mudofaa vazirligining xabarida.

Pokiston Mudofaa vazirligi Hindiston mamlakat hududiga raketa zarbalari yo‘llaganini tasdiqladi. O‘z navbatida, Pokiston javob choralari ko‘rilishini ta’kidladi.

“Ani” agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, barcha zarbalar Hindiston hududidan yuqori aniqlikdagi qurollar yordamida amalga oshirilgan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi ham zarbalar Hindiston hududidan amalga oshirilganini tasdiqladi va uning bayonotida Nyu-Dehli Pokiston suverenitetini buzishda ayblandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning raketa zarbasi oqibatida Pokistonning Kotli shahrida ikki tinch fuqaro halok bo‘lgan. Sharqiy Ahmadpur shahrida kamida 12 kishi jarohatlangan. Hindiston ikkita masjidga ham zarba bergan. Keyinroq Pokiston Mudofaa vazirligi 8 nafar tinch aholi halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Sal vaqtdan so‘ng Hindiston politsiyasi Pokistonning Kashmirdagi zarbalari tufayli 10 kishi halok bo‘lgani va 48 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Pokiston, o‘z navbatida, Nyu-Dehlining harakatlari ortidan 26 kishi qurbon bo‘lgani va 46 kishi yaralangani haqida ma’lumot tarqatdi. 

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat armiyasi Hindistonning 5 ta qiruvchi samolyotini, jumladan, ikkita Rafale samolyotini urib tushirgan.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Hindistonning hujumini “urush harakati” deb atadi.

“Pokiston Hindiston tomonidan joriy etilgan ushbu urush aktiga qat’iy javob berishga to‘liq haqli va hal qiluvchi javob allaqachon berilgan”, deydi u o‘zining X sahifasida.

Pokiston ham havo hududini 48 soatga yopdi va Hindistonning Kashmirdagi chegara hududlariga javob qaytardi. Mamlakat Qurolli kuchlari Hindiston armiyasi brigadasining shtab-kvartirasiga zarba bergani haqida xabar berdi.

Sharif Milliy xavfsizlik qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Mamlakatning Axborot vaziri Attaulla Tararning ma’lum qilishicha, yana bir uchrashuv 8 may kuni soat 10:00 ga belgilangan. Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Hindistonning “o‘ylamasdan” qilgan harakatlari yadro quroliga ega davlatlarni yirik mojaroga yaqinlashtirganini aytdi. Panjob provinsiyasida favqulodda holat e’lon qilindi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroning kuchayishini “sharmandalik” deb atadi va uning tezroq hal etilishiga umid bildirdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, Guterrish Hindistonning harbiy amaliyotidan juda xavotirda. U har ikki davlatni maksimal darajada harbiy vazminlikka chaqirgan.

Hindiston hukumati Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni va BAA vakillari bilan bog‘lanib, ularga Pokistonga qarshi operatsiya haqida xabar bergan. 

“Sindur” operatsiyasi

Hindistonning Pokistonga qarshi harbiy amaliyoti uchun tanlagan nomi diniy ramziy ma’noga ega ko‘rinadi. "Sindur” operatsiyasi ko‘plab hind ayollari turmush qurgandan keyin peshonalariga surtadigan qizil vermilion yoki kukunga ishoradir.

Hindiston tomonidan boshqariladigan Kashmirda joriy yilning aprel oyida sodir bo‘lgan qirg‘in bir necha ayolni beva qoldirdi. Hujumdan keyingi kunlarda erining jonsiz jasadi yonida yotgan ayolning surati internetda tarqalib, hujum qurbonlari boshdan kechirgan og‘riq va yurak iztirobining ramziga aylandi. Hindistonning Mudofaa va Tashqi ishlar vazirlari X'ga operatsiya nomining rasmini joylashtirdilar, unda qizil kukun tasvirlangan edi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi mojarolar ortidan Hindiston va Pokiston bir-biriga qarshi sanksiyalar, jumladan, fuqarolarni chiqarib yuborish va diplomatik munosabatlarni qisqartirishni boshladi.

Mutaxassislar Hindistonning “Hind suvlari to‘g‘risida”gi shartnomani to‘xtatib qo‘yish qarorini ayniqsa jiddiy deb hisoblaydi. U Hind daryosining har ikki tomonida va uning irmoqlarida suvdan foydalanishni tartibga soladi. Islomobod shartnomaning to‘xtatilishini urush harakati deb atadi va tegishli javob choralari bilan tahdid qildi.

Kashmirning Himoloy hududi Pokiston va Hindiston o‘rtasida bo‘lingan, biroq ikkala davlat ham butun hududga da’vo qiladi. Mojaroning kelib chiqishi mustamlakachilik davriga borib taqaladi. 1947 yilda inglizlar Hindiston yarimoroliga mustaqillik berib, uni qismlarga bo‘lib oldilar. Bo‘linish natijasida asosan Hindiston bilan bir qatorda yangi musulmon davlati – Pokiston tashkil topdi. Ushbu bo‘linish bugungi kungacha achchiq raqobatni kuchaytirishda davom etmoqda. Mustaqillikka erishgandan beri ikki davlat bir-biriga qarshi 3 ta urush olib borgan, shundan ikkitasi Kashmir uchun.

So‘nggi olti yil davomida urushayotgan ikki tomon o‘z aviatsiyasining kuchini sezilarli darajada oshirdi. Hindiston 400 km masofaga uchuvchi Scalp raketalari bilan jihozlangan Rafale qiruvchilarini sotib oldi, bu esa dushman hududiga kirmasdan nishonlarga hujum qilish imkonini beradi. Pokiston esa fransuz Dassault Mirage  o‘rniga Xitoyning J-10CE qiruvchi samolyotlarini sotib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Hindiston Pokiston BMT Kashmir Antoniu Guterrish Yadro quroli Sindur operatsiyasi Pahalgam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing