Sigeru Isibaning qirg‘izistonlik “nusxasi” Yaponiyada qahramonga aylandi
Olam
−
21 fevral 5466 2 daqiqa
Qirg‘izistonning Italiyadagi elchisi etib tayinlangan Ermek O‘muraliyev Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sigeru Isibaga o‘xshashligi bilan yaponlar orasida mashhur bo‘lib ketdi. Bu haqda “Central Asia” xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, AKIpress agentligi joriy yilning 18 fevral kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Ermek O‘muraliyevning tayinlangani haqidagi xabarni e’lon qilgan. Shundan so‘ng xabar yaponiyaliklar orasida kutilmagan tarzda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan. Buning sababi – qirg‘iz diplomati tashqi ko‘rinishi bilan sobiq Yaponiyaning bosh vaziri Sigeru Isibaga o‘xshashligi bo‘lib, bu yuz minglab yapon foydalanuvchilarning e’tiborini tortgan.
Sigeru Isiba mashhur yapon siyosatchisi bo‘lib, 2024–2025 yillarda bosh vazir lavozimida ishlagan. O‘muraliyevda uning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash jihatlar mavjudligi hazillar, solishtirishlar va turli memlarga sabab bo‘lgan.
AKIpressning X tarmog‘ida joylagan mazkur posti 2 milliondan oshiq ko‘rilgan va yaponlar orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. Bu noyob holat bo‘lib, Markaziy Osiyodagi mahalliy diplomatik tasodifiy o‘xshashlik tufayli global memga aylangan.
Ijodkor yapon foydalanuvchilar O‘muraliyevni “Geru” (Isibaning laqabi) bilan atagan va “kasb o‘zgarishi”, “maxfiy hayoti” deb ham hazil qilishgan. Shuningdek, ular “Qirg‘izistonda janob Isibanning ikkinchi nusxasi”, “Go‘shtni yaxshi ko‘radigan Isiba Qirg‘izistonda, baliqni yaxshi ko‘radigan Isiba Yaponiyada”, “Agar Isibadan toksinlarni chiqarib tashlasangiz O‘muraliyev chiqadi”, deya quvnoq izohlar qoldirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya parlamenti hukmron koalitsiyaning muddatidan oldingi parlament saylovlaridagi ishonchli g‘alabasidan so‘ng Sanae Takaichini Bosh vazir lavozimiga rasman qayta saylagandi.