Sifatsiz mahsulotlarning “qora ro‘yxati” tuziladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Insonlar hayoti, salomatligi, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulki, atrof-muhit uchun xavfli va sifatsiz bo‘lgan mahsulotlarni olib kirish, ishlab chiqarish va sotish xavfi monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Joriy etilayotgan mexanizm iste’molchilarni insofsiz ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilardan himoya qilishi, ichki bozorni xavfli va sifatsiz bo‘lgan mahsulotlardan himoya qilishi, mahalliy mahsulotning sifati va raqobatbardoshliligini oshirishi lozim.

Kamchiligi bo‘lgan mahsulotlar, ya’ni qonun hujjatlarining, texnik reglamentlarning talablariga, standartlashtirishga doir normativ hujjatlarning, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarining majburiy talablariga nomuvofiq bo‘lgan mahsulotlar aniqlanadi va Kamchiliklari bo‘lgan tovarlar to‘g‘risida umumiy foydalanish uchun axborot ma’lumotlari bazasiga kiritiladi.

“O‘zstandart” agentligi uni yuritish bilan shug‘ullanadi. DBQ, Davlat veterinariya qo‘mitasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, qurilish, sog‘liqni saqlash vazirliklari, shuningdek akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari va sinov laboratoriyalari, o‘z vakolatlari doirasida maxsus vakolat berilgan davlat organlari sifatsiz bo‘lgan mahsulotlarni aniqlaydi.

Kamchiligi bo‘lgan mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “O‘zstandart” agentligiga yozma va elektron ko‘rinishda yuboriladi. Agentlik unga ishlov beradi va bazaga kiritadi. Agentlik har hafta axborotni umumlashtiradi va yig‘ma hisobot tuzadi. Uni vakolatli organlar, SSP, Istemolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, yirik savdo tarmoqlari va obuna bo‘lgan foydalanuvchilar oladilar.

Hujjat bazaga kiritilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga bevosita taqiqni saqlamaydi. Shuni anglash joizki,  texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga javob bermaydigan tovarlarni sotish, - savdo qoidalarini buzish hisoblanib, buning uchun sanksiya qo‘llaniladi (Chakana savdo qoidalarining 190-bandi, MJTKning 164-moddasi, JKning 189-moddasi). Sifatsiz tovar sotilgan iste’molchi o‘z huquqlarini himoya qilish yuzasidan chora ko‘rishga haqli ekanligini ham unutmaslik kerak (“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 13-17-moddalari, Chakana savdo qoidalarining 29, 65, 100, 126-bandlari).

Kamchiliklarni bartaraf etgan ishlab chiqaruvchi (yetkazib beruvchi) yoki savdo ob’ekti o‘zining mahsulotini bazadan chiqarib tashlash uchun bu haqda “O‘zstandart” agentligiga yozma murojaatnoma yuboradi. Vakolatli organlar tomonidan murojaatnomani o‘rganish natijalariga ko‘ra qaror qabul qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

nizom sifatsiz mahsulot

Baholaganlar

29

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing