Si Szinpinning Rossiyaga borayotganini nihoyat ikki taraf ham tan oldi 

Olam

image

Joriy yilning 20-22 mart kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin davlat tashrifi bilan Rossiyaga boradi. Mazkur safar Xitoy-Rossiya munosabatlarini rivojlantirish uchun yangi turtki bo‘ladi. Bu haqda bugun, 17 mart kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Van Venbin ma’lum qildi.

“Ushbu tashrif Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi strategik va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun yangi rag‘batlarni yaratadi”, degan u brifingda.

Xitoylik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak tashrif chog‘ida Si Szinpin Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muhim global va mintaqaviy masalalarni batafsil muhokama qiladi. Van Venbin xalqaro maydonda beqarorlik kuchayib borayotgan bir sharoitda Moskva va Pekin tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan munosabatlar katta ahamiyatga va ta’sirga ega ekanini ta’kidlagan.

“Si Szinpinning Rossiyaga davlat tashrifi do‘stona safar bo‘ladi, bu Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlaydi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga yordam beradi”, deya qo‘shimcha qilgan Xitoy TIV rasmiy vakili.

Kreml matbuot xizmati ham Si Szinpin Putinning taklifiga binoan joriy yil 20-22 mart kunlari davlat tashrifi bilan Rossiyada bo‘lishini tasdiqlagan. Xitoy TIV esa Si Szinpinning Rossiyaga safari “tinchlik tashrifi” bo‘lib, Xitoy Ukrainadagi inqirozni hal qilishda konstruktiv rol o‘ynashini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Si Szinpinning Rossiyaga borishni rejalashtirayotgani g‘arb OAVlarida tarqalgan edi. Biroq na Xitoy, na Rossiya bu ma’lumotlarni bugunga qadar tasdiqlamagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva Xitoy Putin Si Tszin'pin Xitoy-Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing