Si Szinpin Rossiyaga boradi – “Reuters”
Olam
−
13 mart 2023
8266Xitoy rahbari Si Szinpin kelasi haftada rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif rejalari Xitoyning Ukrainada tinchlikka vositachilik qilishni taklif qilayotgani, Rossiyani diplomatik qo‘llab-quvvatlagani munosabati bilan G‘arbda bunga shubha ortgan bir paytda amalga oshirilmoqda.
Rossiya matbuotiga ko‘ra, Putin Si Szinpinni bahorda Moskvaga kelishini taklif qilgan. Biroq Xitoy tashqi ishlar vazirligi Xitoy rahbarining Rossiyaga borishi ehtimoli haqida izoh bermagan, Kreml ham mazkur masalada biror narsani ochiqlashdan bosh tortgan. Shuning uchun ham tashrifning boshqa tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Ta’kidlash joizki, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha hafta oldin, 2022 yil fevral oyida Putin Pekinga Qishki Olimpiada o‘yinlarining ochilishiga tashrif buyurganida Xitoy va Rossiya “cheklovsiz” hamkorlikka erishgan hamda tomonlar o‘z aloqalarining mustahkamligini yana bir bor tasdiqlagan.
Ma’lumot uchun, Si Szinpin Rais bo‘lganidan beri Putin bilan 39 marta shaxsan uchrashgan. Uchrashuvlarning oxirgisi 2022 yil sentyabrda Samarqandagi SHHT sammiti doirasida bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Si Szinpinning Moskvaga tashrifi haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi