Si Szinpin Ukrainadagi urush sababli ilk bor Putinni tanqid qildi
Olam
−
17:48 2094 2 daqiqa
XXR rahbari Si Szinpin Pekindagi sammit chog‘ida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sha’niga ilk bor vazmin tarzda tanqidiy fikr bildirdi. Bu haqda “Financial Times” (FT) nashri xabar berdi.
FT jurnalistlari XXR rahbari va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralarning amerikaliklar tomonidan berilgan bahosi bilan tanish bo‘lgan manbalarga tayanib xabar berishicha, Si Szinpin Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urush boshlash qaroridan pushaymon bo‘lishi mumkinligini aytgan.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy yetakchisi o‘z taxminlarini Ukrainadagi urush mavzusiga to‘xtalib o‘tilgan keng qamrovli muhokamalar davomida bildirgan.
Qayd etilishicha, Si Szinpinning Ukrainadagi voqealar haqidagi bayonotlari o‘tmishdagi har qanday chiqishlariga qaraganda ancha keskinroq yangragan. Bundan avval u na Putinning shaxsiyatiga va na urushning o‘ziga bunday baho bergan edi. Manbalarning ta’kidlashicha, Si Szinpin AQSHning oldingi prezidenti Jo Bayden bilan uchrashuvlarida hech qachon bunday bayonotlar bermagan.
Keyinchalik Xitoy Tashqi ishlar vazirligi FT’dagi ushbu maqola mutlaqo uydirma ekanligini ma’lum qildi.
“Ushbu ma’lumotlar faktlarga zid bo‘lib, sof uydirmadan iboratdir”, deydi Pekindagi brifingda Xitoy TIV rasmiy vakili Go Szyakun.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoyga borgani, biroq u Pekinni na savdo, na Eron masalasida jiddiy natijalarga erishmasdan tark etgani haqida xabar berilgan edi. Trampning ortidan Putinning ham Xitoyga borishi kutilmoqda. Rossiya yetakchisining Xitoyga tashrifi joriy yilning 19-20 may kunlari bo‘lib o‘tadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 25 yilligiga bag‘ishlanadi.
Live
Barchasi