Si Szinpin Xitoy 100 yil oldin qo‘ygan maqsadiga erishganini ma’lum qildi
Olam
−
01 iyul 2021
9622Xitoy Xalq Respublikasi mutlaq qashshoqlikni yo‘q qilish va o‘rtacha farovonlik jamiyatini barpo etish bo‘yicha yuz yillikning birinchi maqsadiga muvaffaqiyatli erishdi. Bu haqda bugun, 1 iyul kuni Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Bosh kotibi, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin partiyaning 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda shunday dedi:
“Biz yuz yillikning birinchi maqsadiga erishdik va Xitoyda har tomonlama farovon bo‘lgan o‘rta sinf jamiyatini qurdik”.
Shuningdek, Si Szinpin xitoyliklarning umumiy ikkinchi maqsadi haqida ham so‘z yuritdi.
“Bu shuni anglatadiki, biz Xitoyda mutlaq qashshoqlikni yo‘q qilish bo‘yicha tarixiy vazifani hal qildik. Va endi biz ikkinchi maqsadimiz — Xitoyni har tomonlama buyuk, zamonaviy sotsialistik davlatga aylantirishga erishish yo‘lida ishonchli harakat qilmoqdamiz”, deydi davlat rahbari.
Xitoy mafkurasiga ko‘ra, “ikki yuz yillikning”ning maqsadi — 2021 yilda, ya’ni partiyaning 100 yilligiga qadar “syaokan” (o‘rtacha farovonlik) jamiyatini qurish hamda 2049 yilda XXR tashkil topganining yuz yilligiga qadar Xitoyni kuchli, demokratik, madaniyatli, uyg‘unlashgan va zamonaviy sotsialistik davlatga aylantirish.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy Kommunistik partiyasiga 1921 yilda asos solingan va o‘sha vaqtda mamlakat oldiga 100 yillik reja qo‘yilgan. Unga ko‘ra, yuqorida Si Szinpin ta’kidlaganidek, mamlakatda mutlaq qashshoqlikni yo‘q qilish va o‘rtacha farovonlik jamiyatini barpo etish — bosh maqsad bo‘lgan. Ushbu vazifa bajarildi.
Bundan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan 1949 yilda ham 100 yillik reja qo‘yilgan edi. Unga ko‘ra, 2049 yilga qadar Xitoyni kuchli, demokratik, madaniyatli, uyg‘unlashgan va zamonaviy sotsialistik davlatga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.
Qayd etish kerakki, 1950-yillarda davlat endi tashkil topgan paytlarda Xitoy dunyoning eng kambag‘al mamlakatlaridan biri edi. Bugun esa bir vaqtlar nochor bo‘lgan Xitoy dunyoning kamida ikkinchi iqtisodiyoti hisoblanadi.
LiveBarchasi