Dahanaki jangchilar: AQSH-Xitoy qarama-qarshiligida kim qudratliroq? (1-qism)

Tahlil

image

Ikki Jahon urushidan so‘ng AQSH dunyo oltin zaxirasining 50 foizidan ortig‘iga ega bo‘lib, mahalliy dollarini xalqaro valyutaga aylantirdi. SSSRga qarshi “Sovuq urush”da ham g‘olib chiqib, bir qutbli dunyoda yakka gegemonga aylandi. AQSH ichki moliyaviy siyosati orqali o‘z aholisi xarid qobilyatini TOP darajaga olib chiqdi. Bugun butun dunyo ishlab chiqarayotgan barcha mahsulotning 24 foizini aynan amerikaliklar iste’mol qilmoqda. Tashqi siyosatda ham demokratiya jarchisi sifatida faol, NATOdek harbiy tashkiloti bilan dunyoning istalgan nuqtasida o‘z manfaatlarini himoya qila oladi. Fazoga uchirilgan sun’iy yo‘ldoshlarning ham yarmi aynan AQSHga tegishli. 
 
Xitoy o‘tgan asrning 50-yillarida dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri edi. 70-yillarning oxirida mamlakatda o‘tkazilgan radikal istohotlar, dunyoga ochilish va ochiq bozor iqtisodiyotga o‘tish orqali keskin o‘sishga erishdi. O‘sha davrda eng kambag‘al mamlakatlar qatorida turgan Xitoy endilikda dunyo yetakchisi bo‘lish uchun da’vogarlik qilmoqda: yalpi ichki mahsulotining yillik o‘sishi bo‘yicha allaqachon, AQSHni ortdda qoldirdi. Bugun butun dunyo ishlab chiqarayotgan mahsulotning 28 foizdan ortig‘i aynan Xitoy hisobiga to‘g‘ri keladi. 

O‘tgan 2020 yilda AQSH ichki siyosatida muvozanat buzildi, irqchilik muammosi amerikaliklarni oyoqqa turg‘izdi, bu ham yetmagandek Tramp va Bayden o‘rtasidagi kurash AQSH jamiyatining bo‘linishiga olib keldi. Bu inqirozli davrni Xitoy esa ancha muvafaqqiyatli bosib o‘tdi: 2020 yilda iqtisodiy o‘sishga erishgan yagona davlat bo‘ldi, kambag‘allik chizig‘idan pastda yashovchi aholisi qolmadi. Xo‘sh, bu ikki gegemondan qay biri kuchliroq? Nahotki, Xitoy AQSHdan o‘zib ketgan bo‘lsa? Quyida ushbu savolga javob topish uchun ikki davlatning harbiy, iqtisodiy, texnologik va mafkuraviy kuchini taqqoslaymiz.

Harbiy salohiyat

Harbiy kuch mamlakat siyosiy barqarorligini ta’minlashda hamda tashqi siyosatda o‘z manfaatlarini himoya qilishda eng samarali vosita hisoblanadi. Mamlakatning harbiy kuchi xalqaro jarayonlarga yoki uning sub’ektlariga, aniqrog‘i boshqa davlat va tashkilotlarga ta’sir o‘tkaza olish qobiliyatidir. Harbiy kuchsiz dunyoga gegemonlik qilib bo‘lmaydi. 

Harbiy sanoatning iqtisodiy holati. Bunda AQSH va Xitoyning harbiy kuch uchun qancha pul sarflashidan tortib, qancha qurol ishlab chiqarashi va sotishi haqida so‘z boradi. 

SIPRI(Stokgolm Xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti)ning ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy 2019 yilda 228 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ni harbiy soha uchun sarflagan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSH ancha oldinda, aniqrog‘i AQSHning harbiy struktura uchun yo‘naltirgan mablag‘i 649 milliard dollarga teng. Hisob 1:0. Amerika oldinda

Dunyoga lider bo‘lishni maqsad qilgan davlat nafaqat zamonaviy va sifatli qurol bilan o‘z armiyasini ta’minlashi hamda unga milliard-milliard pul sarflashi balki, harbiy sanoatni biznesga aylantirishi kerak. Bu geosiyosiy jihatdan muhim, ya’ni boshqa davlatlarni o‘ziga bog‘lab qo‘yish vositasi hisoblanadi. Bundan tashqari, qurol savdosidan kelgan mablag‘ harbiy sohaga qilingan xarajat o‘rnini to‘ldirishda yordam beradi. Yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, yuqoridagi savdo jarayoni natijasida yangi qurollar ishlab chiqariladi, bu esa ushbu sohada raqobatbardosh bo‘lishga va mavjud harbiy rezervni doimiy modernizatsiya qilish uchun imkoniyat yaratadi.  

SIPRI’ga ko‘ra, 2015-2019 yillarda butun dunyo bo‘ylab sotilgan qurollarning 35 foizi AQSH hisobiga to‘g‘ri keldi. Ushbu 5 yil ichida AQSH 96 ta davlatga havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi, zirhli texnika, raketa va sun’iy yo‘ldosh xizmatini eksport qilgan. Eng yirik qurol eksportyorlari orasida AQSHdan keyin Rossiya, Fransiya va Germaniya turibdi. Xitoy esa  beshinchi o‘rinda. Hisob 2:0. Xitoy yana ortda qolmoqda.
 Chart: The World's Largest Arms Suppliers | Statista

Shu o‘rinda, dunyo bo‘ylab AQSHning 50 dan ortiq davlatda, Xitoyning esa atiga 4 ta davlatda harbiy bazasi borligini qayd etish zarur. Bu ham muhim ko‘rsatkich, zero lider bo‘lishga intilgan davlat tashqi siyosatda faollik qiladi, harbiy bazalar esa o‘z so‘zini aytishda asosiy rolni o‘ynaydi. AQSH hisobni yirik 3:0 ko‘rinishga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy birorta harbiy alyansga a’zo emas. U faqat SHHT (Shanxay hamkorlik tashkiloti) doirasida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston bilan harbiy sohada o‘zaro ishonchni oshirish to‘g‘risida kelishuvga ega. Lekin AQSHda NATO bor. Ushbu tashkilotning bosh qoidasi – hamma bir kishi uchun, aniqrog‘i alyansning bir a’zosiga hujum bo‘lsa, uning boshqa a’zolari dushmanga qarshi birlashadi. NATOning 30 nafar a’zosi borligini va umumiy hisobda butun dunyo harbiy harajatining 70 foizi aynan shu alyans hisobiga to‘g‘ri kelishi inobatga olinsa, tashkilot qanchalik yirik harbiy kuchga ega ekanini tasavvur qilish mumkin bo‘ladi. Harbiy sohadagi ittifoq nuqtai nazaridan ham AQSH Xitoyga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 

AQSH va Xitoy yuqori darajadagi harbiy kuchni bir-biriga qarshi qo‘llashi mumkinmi?

Harbiy kuchdan 2 xil yo‘l bilan foydalanish mumkin: birinchisi – demonstratsiya, ya’ni ko‘rgazma qilish. Bunday usuldan asosan harbiy paradlar, dala-o‘quv mashg‘ulotlari hamda sinov jarayonlarida foydalaniladi va shu orqali raqib hamda dushmanlarga nimaga qodirligi “ko‘z-ko‘z” qilinadi. AQSH va Xitoy harbiy imkoniyatlarini faqat namoyish qilishi mumkin, lekin bir-biriga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu kuchni qo‘llashi ehtimoldan yiroq. Chunki ular egalik qilayotgan qurollar shunchalik xavfli va masshtabi kengki, agar ular amaliyotda qo‘llansa, oqibatlari butun insoniyatga rahna solishi mumkin. 

Ikkinchi usul intervensiya, ya’ni bostirib kirish, harbiy quch va qurollarning amaliyotda qo‘llanishidir. Bu usulni AQSH ham, Xitoy ham o‘zidan kuchsiz davlatlarga nisbatan yoki boshqa davlat hududida o‘z manfaatlarini himoya qilishda qo‘llashi mumkin.

Texnologiya uchun kurash

SSSR qulaganidan so‘ng AQSH dunyoning yagona texnologik zonasiga aylandi. Hozirgi kunda rivojlangan davlat darajasiga chiqqan Yaponiya, Xitoy, Janubiy Korea va Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlari aynan AQSHning global texnologik monopoliyasi ostida shakllanib keldi. Endilikda ularning ichida Xitoy AQSHdan butunlay mustaqil bo‘lgan o‘zining texnologik zonasini yaratish yo‘lida ketmoqda. Bu uchun Xitoyda harakat ancha oldin, mamlakatni o‘tgan asrning 70-90-yillarida boshqargan Den Syaopin davridan boshlangan. 

“Bizga kerak bo‘lgan ilg‘or texnologiyalar evaziga [Xitoy] o‘z bozorining bir qismidan voz kechishi kerak”, degan edi u 1984 yilda.

Shu tariqa Xitoy bozoriga AQSH kompaniyalari kirib keldi. U yerdagi arzon ishchi kuchi Amerika kompaniyalarini o‘z mahsulotlarini Xitoyda ishlab chiqarishga undadi. Keyinchalik Xitoy Amerika kompaniyalaridan texnologiyani, hatto majburlab qo‘lga kiritish uchun turli xil vositalardan foydalandi. 

Pekin: chet et kompaniyalari Xitoy bozoriga kirishi uchun, o‘z texnologiyasini berishi kerak. 

AQSH kompaniyalari vakillari uzoq vaqtdan beri o‘zlarining shikoyatlarini bildirib kelgan, ammo so‘nggi paytlarda Xitoy kimyoviy moddalar, kompyuter chiplari, sun’iy intellekt, robototexnika va elektr transport vositalari kabi mahsulotlarni ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lishga intilayotgani sababli qo‘rquvlar kuchaydi. 

“AQSH Xitoydan hamkorlikni kutgan edi, biroq uning o‘rniga JST standartlariga rioya qilmaslik, adolatsiz savdo amaliyotlari va texnologiyalarni o‘g‘irlash holatlarini oldi”, deydi Bayden.

Mualliflik huquqinining toptalishi Xitoyda bo‘lib turgan AQSH kompaniyalarining raqobatbardoshligini xavf ostiga qo‘ydi. 2018 yilda ikki davlat o‘rtasida boshlangan savdo urushi zaminida ham aslida aynan texnologiya uchun kurash yotibdi. Davom etayotgan savdo urushi nima bilan yakun topishi hali noma’lum, lekin ayni vaqtda texnologiya borasida AQSH kuchlimi yoki Xitoy?

Eng qimmat texnologik kompaniyalar qayerda?

Dasturiy ta’minot, smartfonlar, elektron tijorat, qidiruv va ijtimoiy tarmoqlarda yetakchi o‘yinchilarga ega AQSH dunyodagi eng qimmat texnologik kompaniyalarni barpo etdi. So‘nggi besh yil ichida Xitoy ham texnologik sohada keskin o‘sdi, Tencent va Alibaba global yetakchi kompaniyalar orasiga qo‘shildi. Quyidagi ro‘yxat ushbu kompaniyalarning texnologiya bozoridagi bahosini ko‘rsatish bilan birgalikda, ularning sotib olish, iste’dodlarni yollash, kapitalni jalb qilish va yangi texnologiyalarga sarmoya kiritish uchun qancha moliyaviy kuchga ega ekanini ham ko‘rsatadi.


Ushbu diagrammada aks etganidek, eng qimmat 10 ta texnologik kompaniyaning 7 tasi AQSH hisobiga to‘g‘ri keladi. Hisob 1:0. AQSH texnologiya borasida ham oldinda.

Eng yirik internet bozor

Qo‘shma Shtatlar ko‘p yillar davomida dunyodagi eng yirik va muhim internet bozori bo‘lib kelgan. Ammo Xitoy so‘nggi yillarda aholi soni hisobiga Qo‘shma Shtatlardan o‘zib ketdi.

Osiyo giganti hozirda AQSHdan to‘rt baravar ko‘p mobil foydalanuvchiga ega bo‘lib, elektron tijorat va ma’lumot almashishdan tortib o‘yinlar hamda raqamli to‘lovlarga qadar ichki biznes imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan dunyodagi eng yirik bozorga ega. Hisob 1:1.  Bu borada Xitoy AQSH bilan tenglashdi.

Texnologiya bozoriga kiritilgan venchur kapital

AQSH venchur kapital biznesini ixtiro qildi va xususiy kapital modelidan foydalanib dunyodagi eng qudratli texnologik kompaniyalarni yaratdi. U hali ham ustunlikka ega. Pandemiyaga qaramasdan AQSH kompaniyalari 130 milliard dollar miqdorida venchur kapitalini jalb qilgan. Xitoy ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSH bilan o‘rtadagi farqni sezilarli darajada qisqartirdi va 2020 yilda 118 milliard dollar miqdorida venchur investitsiyasi jalb etdi.

Bu Xitoyda sarmoyasi 1 milliard dollarga yetgan startaplar sonining keskin ko‘payishiga olib keldi. Ular orasida TikTok’ni yaratgan Bytedance, Alipay to‘lov xizmatiga asos solgan “Ant Financial” va Xitoyning o‘zida juda mashhur bo‘lgan taksi buyurtma qilish xizmatini yo‘lga qo‘ygan DiDi kompaniyalari bor. Hisob 2:1. AQSH yana oldinga o‘tib oldi.

Chip uchun poyga

Chiplar texnologik inqilobning markazida turgan juda katta hisoblash quvvatidir. Ular texnikaning tarkibiy qismi bo‘lib, har qanday aloqa vositasidan tortib tibbiyot uskunalari, kompyuter  va hatto raketa tarkibida ham mavjud. Amerika kompaniyalari ushbu qurilmani ishlab chiqarishda ustunlikka ega: ular intellektual mulkning katta qismini nazorat qiladi va ishlab chiqarish bo‘yicha xitoylik raqiblaridan ustun turadi. “The Wall Street”ning eng yirik tahliliy markazlaridan biri bo‘lgan “Sanford C. Bernstein” hisob-kitoblariga ko‘ra, Huawei tarkibidagi chip, mikrosxema ishlab chiqaruvchi Xitoydagi eng yirik HiSilicon nomli kompaniya 2018 yilda 7,6 milliard dollar daromad qilgan. Bu Amerikaning Intel chipmeyker kompaniyasi daromadining taxminan o‘ndan bir qismiga teng. Tayvanning acer, Koreaning LG, Xitoyning Lenovo va yana boshqa bir qator kompaniyalarning barchasi AQSHning Intel mahsulotlaridan foydalanadi. 

Bundan tashqari Xitoyning chip va mikrosxema ishlab chiqaruvchi ob’ektlari faoliyat olib borishi uchun AQSHning “Cadence” va “Synopsys” kompaniyalari dasturiy ta’minoti talab etiladi. Shuningdek, fizik chiplarni ishlab chiqarish uchun xitoyliklar AQSHning “Applied Materials” va “Lam Research” kompaniyalaridan loyihalash va jihozlashda ko‘mak olishga majbur. Ko‘rinib turibdiki, har qanday texnikaning zaruriy ta’minoti hisoblangan chip va mikrosxema ishlab chiqarishda AQSH yaqqol ustun. Hisob esa 3:1. AQSH Xitoyni ortda qoldirishda davom etmoqda.

5G va telekommunikatsiya kelajagi

Garchi telefonni ixtiro qilgan Aleksandr Greyam Bell “American Telephone and Telegraph Company” kompaniyasiga asos solib, Qo‘shma Shtatlarni telekommunikatsiya sohasida yetakchiga aylantirgan bo‘lsa-da, u kunlar ortda qoldi. So‘nggi yigirma yil ichida AQSHning aloqa infrastrukturasini ishlab chiqaruvchi kompaniyalari o‘z mavqelarini yo‘qotdi. Endilikda bu sohada boshqa davlatlar hukmronlik qilmoqda. Huawei, shubhasiz, butun dunyo operatorlari o‘zlashtira boshlagan beshinchi avlod (5G) texnologiyasini rivojlantirishda eng kuchli kompaniya hisoblanadi. Butun dunyo foydalanayotgan  telekommunikatsiya infrastrukturasining 29 foizi ushbu Xitoy kompaniyasi hisobiga to‘g‘ri keladi. Undan keyingi o‘rinda mos ravishda 25 va 21 foiz hissa bilan Shvetsiyaning Ericsson va Finlyandiyaning Nokia kompaniyalari ustunlik qilmoqda. Umimiy hisob 3:2.

Natijalarga nazar soladigan bo‘lsak, AQSH hozirchalik ham harbiy, ham texnologik jihatdan Xitoydan kuchliroq, aniqrog‘i uning ko‘rsatkichlari baland. Lekin Xitoyning qisqa davr ichida nochorlikdan ko‘tarilib, hozirda dunyo yetakchiligi uchun da’vo qilayotgani ham tahsinga loyiq. So‘nggi xulosa esa o‘zingizdan. 

Iqtisodiy va mafkuraviy jihatdan AQSH ustunroqmi yoki Xitoy? Bu haqda link orqali o‘qing. BOSING


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

484

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing