Si Szinpin Blinkenni qabul qildi
Olam
−
19 iyun 2023
7385Bugun, 19 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga safarining ikkinchi kunida Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashib, 2018 yildan beri Xitoy rahbari bilan uchrashgan birinchi AQSH davlat kotibiga aylandi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv bo‘lib o‘tishi uning boshlanishiga 45 daqiqa qolganida ma’lum bo‘lgan va u 35 daqiqa davom etgan.
“Ikki tomon samimiy va chuqur muzokaralar olib bordi. Umid qilamanki, janob kotib, ushbu tashrif orqali siz Xitoy-AQSH munosabatlarini barqarorlashtirishga yanada ijobiy hissa qo‘shasiz”, degan Si Szinpin.
Aytilishicha, Blinkenning mazkur uchrashuvi yil oxirida Si Szinpin va AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘rtasidagi sammitni osonlashtirishga yordam berishi mumkin.
Si Szinpin bilan uchrashuvdan oldin Blinken Xitoyning bosh diplomati Van I bilan ham bir qator mavzularni muhokama qilgan. Biroq Pekindagi “Dyaoyutay” davlat mehmon uyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Tayvandan tortib savdo, inson huquqlari va Ukraina urushiga bo‘lgan munosabati kabi masalalar bo‘yicha tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishda katta muvaffaqiyatlarga erishilmagan.
Blinken, Davlat departamenti “samarali” deb atagan Van I bilan uch soatdan ortiq suhbat davomida o‘z raqobatini boshqarish uchun ochiq aloqa kanallari muhimligini ta’kidlagan.
AQSH-Xitoy munosabatlarini past darajada deb ta’riflagan Van I esa buning asl sababi Amerika Qo‘shma Shtatlarining Xitoyni noto‘g‘ri idrok etishi ekanini aytgan.
“Biz odamlarga, tarixga va dunyoga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishimiz hamda AQSH-Xitoy munosabatlaridagi pasayish spiralini orqaga qaytarishimiz kerak”, degan Van I Blinken bilan uchrashuvda.
Xitoy davlat matbuotiga ko‘ra, Van I Qo‘shma Shtatlarni Xitoydan kelayotgan tahdidlar haqida spekulyatsiya qilishni bas qilishga, Xitoyning ilmiy va texnologik rivojlanishini “bostirish”dan voz kechishga hamda uning ichki ishlariga aralashmaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 iyun kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinga rasmiy tashrifi doirasida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gang bilan uchrashgandi. Besh yarim soat davom etgan uchrashuv chog‘ida Sin Gang Pekin-Vashington munosabatlari ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan beri eng past darajaga yetgani hamda bu holat Xitoy va AQSH xalqlari manfaatlariga javob bermasligini aytdi.
LiveBarchasi