Si Szinpin AQSH va Yaponiya Tayvan bo‘g‘ozida urushga kirishishidan qo‘rqadi – OAV

Olam

image

Xitoy rahbariyati Tayvan bo‘g‘ozida urush boshlangan taqdirda AQSH va Yaponiya harbiy aralashuvidan xavotirda. Bu haqda bugun, 8 iyul kuni Gonkongning “South China Morning Post” gazetasi xabar berdi.

Aytilishicha, XXR raisi Si Szinpin 6 iyul kuni Nankindagi Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Sharqiy hudud jangovar qo‘mondonligi shtab-kvartirasiga borgan. U zobitlarni potensial xavf-xatarlardan hushyor bo‘lishga chaqirib, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat borgan sari o‘zgaruvchan va oldindan aytib bo‘lmaydigan bo‘layotgani hamda dunyo yangi tartibsizlik va o‘zgarishlar davriga kirganini aytgan. 

Tahlilchilar fikricha, Xitoy rahbari Si Szinpinning Tayvan bo‘g‘ozini nazorat qiluvchi Sharqiy jangovar qo‘mondonlik zonasiga yaqinda qilgan safari Pekinning orolga hujum qilinsa, AQSH va Yaponiya aralashuvidan qo‘rqishini ko‘rsatmoqda.

Shanxay Siyosiy fanlar va huquqshunoslik universiteti professori Ni Lesyunning ta’kidlashicha, Si Szinpinning safari AQSH Qurolli kuchlar qo‘mitasi raisi Mayk Rojers boshchiligidagi Vakillar palatasi delegatsiyasining Tayvanga tashrifidan bir hafta o‘tib bo‘lgan. Bundan tashqari, bir necha kun oldin Kongressning ikkala palatasi Tayvan bilan qo‘shma mashg‘ulotlar va orol qurolli kuchlarini tayyorlash dasturini nazarda tutuvchi 2024 yilga mo‘ljallangan Milliy mudofaa mablag‘lari to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilgan.

“Kongressmenlar guruhining Tayvanga tashrifi Pekinga yanada ko‘proq bosim o‘tkazadi va Si Szinpinga qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra Vashington kuchayishi va Tayvan bilan ehtimoliy urush yuzaga kelgan taqdirda harbiy aralashuvga kirishishi mumkinligini eslatadi. Si Szinpin o‘zini jiddiy xavf ostida his qilmoqda, chunki Ukrainada davom etayotgan urush AQSHga ham qisqa muddatli, ham cho‘zilgan mojarolarga tayyor bo‘lish zarurligini o‘rgatdi. Shuning uchun yaqin orada Tayvanga yanada ko‘proq o‘q-dorilar va og‘ir qurol tizimlari yetkazib berilishi ehtimoli yuqori”, deydi professor. 

Pekindagi “Yuan Vang” harbiy tahlil markazi xodimi Chjou Chenminning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning avgust oyida AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga safaridan so‘ng Xitoy rahbari ushbu mintaqaviy qo‘mondonlik qarorgohiga birinchi marta borgan. 

Tayvanlik harbiy ekspert Lyuy Lishining ta’kidlashicha, Xitoy rahbarining bayonotlari "Tayvanga jiddiy ogohlantirish" yuborish uchun qilingan.

"Si Szinpin aniq tushunadiki, urush bo‘lsa, Sharqiy mintaqaviy qo‘mondonlik AQSH va Yaponiya qurolli kuchlariga qarshi kurashishi kerak. Shu sababli ular hushyor turishi va doimo eng yomoniga tayyor bo‘lishi shart", deydi xitoylik harbiy tahlilchi Sun Sjunpin.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy Yaponiya Si Tszin'pin Tayvan'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing