Shveysariyadagi kurortda bar portladi. Bir necha kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
01 yanvar 2688 2 daqiqa
Shveysariyaning Kran-Montana shahrida (Vale kantoni) Yangi yil kechasida barda portlash va yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan. Bu haqda mahalliy RTS va “Blick” nashrlari xabar berdi.
Voqea mahalliy vaqt bilan soat 01:30 atrofida Yangi yil nishonlanayotgan paytda, ikki qavatli Le Constellation barida yuz bergan. Yerto‘la qismida bir yoki bir nechta portlash ovozi eshitilgan, shundan so‘ng yong‘in chiqqan. “Blick” nashrining yozishicha, taxminlarga ko‘ra, yong‘inga konsert vaqtida qo‘llangan pirotexnika sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, kamida ikki kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar og‘ir tan jarohatlari olgan. Huquq-tartibot organlari jabrlanganlarning aniq sonini ham, hodisaning sababini ham hozircha ochiqlamagan.
Voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda, vertolyotlar jalb etilgan, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning qarindoshlari uchun “issiq liniya” ochilgan.
RTS manbasi ushbu hodisani “yirik falokat” deb atab, qurbonlar soni bo‘yicha 2012 yilda Shveysariyaning Ser shahrida sodir bo‘lgan avtobus halokati bilan qiyoslash mumkinligini bildirgan. O‘shanda 28 kishi halok bo‘lgan. Nashrga ko‘ra, Le Constellation bari bir vaqtning o‘zida 400 kishini sig‘dira oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning Sulavesi orolida joylashgan qariyalar uyida yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi