Shveysariyada aholi sonini cheklash bo‘yicha referendum o‘tkaziladi
Olam
−
12 fevral 3331 1 daqiqa
Joriy yilning 10 iyun kuni Shveysariya Xalq partiyasi (SVP) tomonidan ilgari surilgan aholi sonini 10 million kishi bilan cheklash tashabbusi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda mamlakat hukumatigan tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
Tashabbusga ko‘ra, agar mamlakatning doimiy aholisi (hozirda 9,1 million kishi) 9,5 milliondan oshib ketsa, hukumat va parlament muayyan choralar ko‘rishi shart bo‘ladi. Bunday holatda hukumat yangi kelayotgan shaxslarga, jumladan, boshpana so‘rayotganlarga va xorijliklarning oila a’zolariga kirishni rad etishi mumkin.
Agar aholi soni 10 million kishiga yetsa, qo‘shimcha cheklovlar joriy etiladi. Agar shundan keyin ham aholi soni kamayishni boshlamasa, hukumat Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan erkin harakatlanish to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqishga majbur bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi Shveysariyaning eng yirik eksport bozori hisoblanadi.
Partiya tashabbusiga qarshi chiqqanlar esa bu qadam YeI bilan muhim kelishuvlarga xavf solishi va mamlakat iqtisodiga zarar yetkazishi mumkinligini aytmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 10 yil ichida Shveysariya aholisi qo‘shni YeI davlatlariga nisbatan o‘rtacha besh baravar tezroq o‘sgan. Bu esa mamlakatning iqtisodiy muvaffaqiyati chet ellik mutaxassislar va mutaxassis kadrlarni jalb qilayotgani bilan izohlanadi.