Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishiga yanada oz qoldi

Olam

image

NATOga a’zo davlatlarning yarmi allaqachon Shvetsiyaning alyansga qo‘shilish haqidagi arizasini ma’qullagan. Bu haqda Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde ma’lum qildi. 

"Bugungacha NATO a’zolarining yarmi Shvetsiya va Finlyandiya arizasini ratifikatsiya qildi. Ratifikatsiya uchun barcha 15 davlatga rahmat", deb yozdi u Twitter sahifasida. 

Protokol imzolangan kunning ertasiga birinchi bo‘lib Daniya va Kanada ratifikatsiya qildi. 14 iyul kuni ikki davlat – Sloveniya va Latviya hujjat ostida o‘z imzolarini qo‘yishdi. Bugun esa uni Xorvatiya parlamenti tasdiqladi. 

Finlyandiya va Shvetsiya Tashqi ishlar vazirlari Pekka Haavisto va Ann Linde hamda NATOning 30 ta davlati vakillari 5 iyul kuni NATO qarorgohida rasmiy marosimda Shimoliy Atlantika ittifoqiga ikki shimoliy davlatning qo‘shilishi haqidagi protokollarni imzoladilar. Hujjatlar NATOning barcha davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng Xelsinki va Stokgolm tashkilotga a’zo bo‘ladi. Xelsinki va Stokgolm 18 may kuni NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya xalq mudofaasi kuchlarini terrorchi tashkilot deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirokda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni, shuningdek, Turkiyaga qurol-yarog‘ taqiqini olib tashlashni talab qildi. 

28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilgan, biroq u Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da berganini ham aytgan. NATO sammitidan so‘ng Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li AQSHdan yaqin kelajakda mamlakatga modernizatsiya qilingan 40 ta F-16 qiruvchi samolyoti partiyasini yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilinishini kutayotganini aytdi. 

4 iyul kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni bir raundda boshladi va yakunladi, bu alyans tarixida mutlaq rekord. Odatda muzokaralar jarayoni bir necha yil davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO

Baholaganlar

50

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing