Shvetsiya va Finlyandiya delegatsiyalari Turkiyani rozi qilish uchun Anqaraga boradi

Olam

image

Ertaga, 25 may kuni Shvetsiya Bosh vaziri devonining Davlat kotibi Oskar Stenstryom va Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Jukka Salovaara boshchiligidagi delegatsiya NATOga kirish masalasini muhokama qilish uchun Anqaraga boradi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning vakili Ibrohim Kalin va Turkiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sedat O‘nal ikki Skandinaviya davlati delegatsiyalari bilan uchrashadi. 

Prezident ma’muriyati va Turkiya Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishlarda Skandinaviya davlatlarining NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizalari ham muhokama qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li, rasmiy Anqara Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga rozilik bildirishi uchun ushbu mamlakatlardan “terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish” bo‘yicha yozma kafolat olish zarurligini ma’lum qilgan edi.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

7

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing