Turkiya Shvetsiya va Finlyandiyaning yo‘lini ochish uchun yozma kafolat talab qildi

Olam

image

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li, rasmiy Anqara Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga rozilik bildirishi uchun ushbu mamlakatlardan “terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish” bo‘yicha yozma kafolat olish zarurligini ma’lum qildi. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar berdi.

Turkiya, shuningdek, Finlyandiya va Shvetsiyadan mudofaa sanoati mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ushbu masalalarni muhokama qilish uchun davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazishni taklif qilgan.

“Shvetsiya va Finlyandiya terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi kerak, biz ulardan aniq qadamlar bo‘yicha yozma kelishuvga erishmoqchimiz. Shvetsiya va Finlyandiya bizga delegatsiyalar jo‘natmoqchi bo‘ldi va Prezidentimiz bu taklifni qabul qilib, bizning ustuvorligimiz diplomatiya ekanligini aytdi”, deydi Mevlud Chavusho‘g‘li Falastinga tashrifi chog‘ida.

Shu bilan birga, Chavusho‘g‘li NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya, Shvetsiya va Finlyandiya vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishni taklif qilganini qo‘shib o‘tgan. Lekin, bunday uchrashuv qachon va qayerda bo‘lishi mumkinligini ochiqlamagan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi. Xususan, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishi aytildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala davlatga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi. Bunga ikki davlat Turkiya terrorchi deb tan PKK'ni ko‘llab-quvvatlashi sabab qilib ko‘rsatildi.

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya rasman NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirdi. Erdo‘g‘an esa Turkiya ushbu ikki davlatning NATOga kirishiga yo‘l qo‘yib, Gretsiya bilan yo‘l qo‘ygan xatosini takrorlamasligini aytdi.

 

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

15

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing