Shvetsiya NATOga qabul qilinishga yaqin turibdi
Olam
−
27 dekabr 2023
2980Kecha, 26 dekabr kuni Turkiya parlamentining tashqi ishlar komissiyasi Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasini ma’qulladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Keyingi qadam Turkiya parlamenti Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu masala bo‘yicha ovoz berish bo‘lishi kerak.
“Reuters”ga ko‘ra, tegishli qonun loyihasi allaqachon Bosh Assambleyaga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.
Ayni paytda Turkiya parlamenti Tashqi ishlar komissiyasi rahbari Fuat O‘qtay Bosh Assambleya tomonidan Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish arizasi bo‘yicha tezkor ovoz berishini kutmaslik kerakligi haqida ogohlantirgan.
“Bu ovoz berish sanasini Bosh Assambleya raisi belgilashi kerak”, deydi u.
Ma’lumot o‘rnida, Shvetsiya va Finlyandiya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Finlyandiya rasman 2023 yil 4 aprelda Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘ldi.
Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi hali Turkiya va Vengriya tomonidan tasdiqlanmagan.
Avvaliga Anqara Shvetsiyani terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, Stokgolm arizasini ma’qullashdan bosh tortdi.
Oktyabr oyi oxirida esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya arizasini Buyuk Millat Majlisiga (Turkiya parlamenti) ko‘rib chiqish uchun topshirib, uni imzoladi.
LiveBarchasi