Koronavirus qurbonlari soni 123 nafarga ko‘paydi. 10 ming odam og‘ir ahvolda
Olam
−
14 fevral 2020
9386Koronavirus epidemiyasi bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlar ma’lum bo‘ldi. Bugunga kelib, dunyo bo‘yicha virus bilan kasallanganlar 65 247 nafarga yetdi.
Kasallanganlarning katta qismi 64 658 nafari Xitoyning materik qismida. Shuningdek, Yaponiyada ham virus bilan zaharlanganlar 250 nafardan oshgan. Ularning yarmi “Diamond Princess” kemasida aniqlangan bemorlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Xitoydan tashqarida jami 500 dan ortiqroq odam virusga chalingan.
Ayni vaqtda koronavirusdan halok bo‘lganlar 1491 nafarga yetdi. Undan davolanganlar 7099 nafarni tashkil qilyapti. Bemorlarning 10 068 nafari yoki 19 foizi og‘ir ahvolda. Kecha virusdan halok bo‘lganlar 1368 nafarni tashkil qilayotgandi.
Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi virusologiya laboratoriyasida joriy yilning yanvar oyidan boshlab 13 fevral kunigacha 837 ta namuna koronavirus infeksiyasiga tekshirildi. Ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmadi.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi