Senat farg‘onalik “vallomat” masalasini ko‘rib chiqadi
Jamiyat
−
30 Sentabr 2019
8564Bir necha kundirki ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning yig‘ilishda soqol, ro‘mol masalasida bildirgan fikri muhokamalarga sabab bo‘lyapti.
Viloyat hokimi va bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosining bunday harakati yuqori palata komissiyasida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Bu haqda Senat raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.
“Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuxrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi 2 kundan buyon jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilib kelinmokda.
Muhokamalar jarayonida Shuhrat G‘aniyevning xatti-harakatlari keng omma orasida salbiy e’tirozlarga sabab bo‘lmokda. Shu munosabat bilan ushbu holat yuzasidan bugun Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qilaman”, deydi Tanzila Norboyeva Facebook`dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Shuhrat G‘aniyev yig‘ilishda kim bo‘lishidan qat’i nazar ro‘mol o‘ragan odamning ro‘molini og‘ziga tiqib qo‘yishini aytgan. Shuningdek, ko‘tarilgan ba’zi masalalarda sud hukmisiz jazolashni qo‘llash haqida ko‘rsatma bergan.
Ma’lumot o‘rinada, Senatning Reglament va odob komissiyasi o‘z vakolatlari doirasida:
- Senat Raisining topshirig‘i, senatorlarning va fuqarolarning murojaatlari asosida yoxud o‘zining tashabbusi bilan o‘z majlislarida senatorlar tomonidan Senat Reglamenti normalari va Senat a’zolarining odob qoidalari, shuningdek umum e’tirof etilgan axloq normalari buzilgan holatlarni ko‘rib chiqadi hamda baholaydi;
- senator maqomini tartibga soluvchi normalar buzilganligi to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqadi;
- senatorlar orasida qoidabuzarliklarning oldini olish bo‘yicha kompleks choralar ko‘radi;
- senatorlar Senat Reglamenti normalariga va Senat a’zolarining odob qoidalariga rioya etayotganligi ustidan monitoring olib boradi;
- Senat a’zolarining odob qoidalarini buzgan Senat a’zosiga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash, shuningdek Senat Reglamenti qoidalari buzilgan holatlarni bartaraf etish to‘g‘risida Senat Kengashiga takliflar kiritadi;
- senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish va uni chaqirib olish to‘g‘risidagi materiallarni Senatda ko‘rib chiqish uchun tayyorlaydi;
- Senat a’zolarini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi materiallarni Senatda ko‘rib chiqishi uchun tayyorlaydi;
- Komissiya, uning majlislariga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan masalalarni hal qilish uchun ekspertlar va mutaxassislarni taklif qiladi;
- senator tomonidan Senat a’zolarining odob qoidalari buzilgan taqdirda, unga tegishli bo‘lgan zarur ma’lumotlarni so‘rab oladi;
- Komissiya faoliyati masalalariga doir Senat qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
- Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
LiveBarchasi