Shoygu Mariupolga bordi
Olam
−
06 mart 2023
11552Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ruslar bosib olgan Ukrainaning Mariupol shahriga bordi. Vazir u yerda harbiy qurilish majmuasining Donbass infratuzilmasini tiklash bo‘yicha ishini tekshirgan. Biroq vazirlik tashrif qachon bo‘lib o‘tganiga oydinlik kiritmagan. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
“Donetsk Xalq Respublikasining Mariupol shahrida Rossiya harbiy departamenti rahbari ishga tushirilgan ob’ektlarning tayyorgarligi hamda qurilayotgan bino va inshootlar maydonlarida ishlarning borishini ko‘zdan kechirdi. Shu qatorda Sergey Shoyguga harbiy quruvchilar tomonidan bunyod etilgan ko‘p funksiyali tibbiyot markazi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Respublika qutqaruv markazi va 12 ta besh qavatli turar-joy binolaridan iborat yangi mikrorayon namoyish qilindi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Manbaga ko‘ra, Shoygu Rostov viloyati va Donetskni Don daryosidan Severskiy Donets-Donbass kanaligacha bog‘laydigan eng katta suv quvuri qurilishi haqidagi hisobotni tinglagan. Quvur mintaqadagi ko‘plab aholi punktlarini ta’minlashi kutilmoqda.
Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi 4 mart kuni Sergey Shoygu Ukrainadagi “harbiy operatsiya” zonasida Janubiy Donetsk yo‘nalishidagi “Vostok” qo‘shinlari guruhidan birining qo‘mondonlik punktini ko‘zdan kechirganini ma’lum qilgan. Shu kuni vazir o‘rinbosarlari bilan qo‘shinlarning qo‘shma guruhi qarorgohida, harbiylarni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 5 mart kuni esa Shoygu Ukrainadagi “harbiy operatsiya” zonasidagi qo‘shinlar guruhlari qo‘mondonlari bilan uchrashuv o‘tkazgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil avgust oyida Rossiya Federatsiyasi Qurilish vazirligi Mariupolni uch yil ichida tiklash rejalarini e’lon qilgan. Shahar meri Oleg Morgun 400 dan ortiq bino buzilishi kerakligini aytgan. Uning aytishicha, buzish ishlari 2023 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi