Shotlandiyada ilk bor hokimiyat tepasiga musulmon rahbar keldi
Olam
−
28 mart 2023
10594Pokistonlik muhojirlarning farzandi bo‘lgan 37 yoshli Hamza Yusuf Shotlandiyadagi hukmron partiya (Shotland milliy partiyasi) yetakchiligiga saylanib, Shotlandiya Birinchi vaziri lavozimini egalladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Hamza Yusuf 24 yil avval ta’sis etilgan mazkur lavozimni egallagan birinchi shotland bo‘lmagan shaxs va ilk musulmon bo‘lgan. Yusuf 2014 yildan beri partiya va mintaqaviy hukumatni boshqarib kelayotgan Nikola Sterjenning o‘rnini egallagan. Sterjen joriy yilning 15 fevral kuni Shotlandiya saylovchilarining mintaqaviy hukumatning ustuvor yo‘nalishlaridan, xususan, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlarida davom etayotgan muammolardan noroziligi kuchayib borayotgan bir paytda partiya rahbari lavozimini tark etish niyatida ekanini ma’lum qilgan.
Saylovda esa Hamza Yusuf 26 mingdan ortiq partiya a’zosi (saylovda qatnashganlarning 52,1 foizi) tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ovoz berishning ikkinchi bosqichida g‘olib chiqqan. Shotlandiya Moliya vaziri Keyt Forbs esa 23,9 ming (47,9 %) ovoz bilan ikkinchi o‘rinni olgan. Uchinchi nomzod, jamiyat xavfsizligi bo‘yicha sobiq vazir Ash Regan atigi 5,6 ming kishi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ikkinchi turga chiqa olmagan. Saylovda faqat Milliy partiya a’zolari ishtirok etishlari mumkin bo‘lgan. Ovoz berishda jami 72 ming partiya a’zosidan 50,5 ming nafari ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, Hamza Yusuf 1985 yil 7 aprelda Glazgo shahrida pokistonlik muhojir Muzaffar Yusuf oilasida tug‘ilgan. U Glazgo Universitetida siyosat bo‘yicha tahsil olgan. 2011 yilda Shotlandiya parlamentiga saylangan. 2012 yildan 2023 yilgacha Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vaziri, Transport va orollar vaziri, Vazirlar Mahkamasi Adliya kotibi, Vazirlar Mahkamasining sog‘liqni saqlash va ijtimoiy yordam bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimini asli kelib chiqishi hindistonlik bo‘lgan Rishi Sunak egallagan edi.
LiveBarchasi