Shotlandiya mustaqillikka erisha olishini aytgan sobiq birinchi vazir bir oy o‘tib vafot etdi

Olam

image

Shotlandiya 10-15 yil ichida yangi referendumsiz ham Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishi mumkinligini aytgan Shotlandiyaning 2007-2014 yillardagi sobiq birinchi vaziri Aleks Salmond bugun, 12 oktyabr kuni vafot etdi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

Salmond TASS muxbiri bilan bo‘lgan intervyuda mustaqillik g‘oyasi haqida ko‘rgan-kechirganlarini so‘zlab bergandi.

“Men bunga ishonaman. Mening orzum hali amalga oshmadi. Ammo bunga erishish uchun siz uch bosqichdan o‘tishingiz kerak”, degan marhum vazir.

U 1987 yilda Jamoatlar palatasiga (Britaniya parlamentining quyi palatasi) birinchi marta kirganida, Shotlandiyaning o‘z parlamentiga ega bo‘lishi haqidagi fikrlar boshqalar uchun kulgili tuyulganini aytgan.

Vazir Shotlandiya parlamenti oxir-oqibat 1999 yilda 1997 yilgi referendum natijasida paydo bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

“Aleks Salmond yirik siyosiy arbob edi. Garchi konstitutsiyaviy masalalarda bir-birimiz bilan kelishmagan bo‘lsak-da, uning mohir notiq bo‘lgani va siyosatga chinakam ishtiyoqi borligini inkor etib bo‘lmaydi”, deya yozadi Britaniya hukumatining sobiq rahbari Rishi Sunak o‘zining X sahifasida.

BBC radioeshittirish korporatsiyasiga ko‘ra, Salmond Shimoliy Makedoniyada nutq so‘zlayotgan paytda kasal bo‘lib qolgan. X dagi so‘nggi yozuv siyosatchining o‘limi haqidagi birinchi xabarlar paydo bo‘lishidan uch soat oldin chop etilgan.

Makedoniyaning “Lider” portaliga ko‘ra, Salmond tushdan keyin Oxrid shahridagi mehmonxonada vafot etgan. O‘lim sababi siyosatchi ishtirok etgan anjuman ishtirokchilari bilan tushlik paytida yuz bergan yurak xuruji bo‘lgan. Tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelib, unga yordam bermoqchi bo‘lganida, u allaqachon jon bergan edi. Bir kun avval Salmond Shimoliy Makedoniya sobiq prezidenti George Ivanov (2009-2019), Sivilizatsiyalar alyansi xalqaro markazi va Berlin madaniy diplomatiya instituti hamkorligida tashkil etilgan ikkinchi Madaniy diplomatiya forumida nutq so‘zlagan.

Salmond o‘limidan bir oy oldin TASS muxbiri bilan suhbatda Shotlandiya hatto yangi referendum o‘tkazmasdan ham 10-15 yil ichida mustaqillikka erisha olishiga ishonchini bildirgandi. Shu bilan birga, u hukmron SNP inqirozni boshdan kechirayotgani va uning hozirgi rahbari Jon Svinni mustaqillik g‘oyasini faol ravishda ilgari sura olmasligini ta’kidladi. 2018 yilda uning vorisi Nikola Sterjen bilan ziddiyat va jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari fonida, Salmond SNP’ni tark etdi va 2021 yilda yangi “Alba” partiyasiga asos soldi.

Salmond ko‘p yillardan beri ilgari surgan Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha referendum 2014 yilda bo‘lib o‘tgan. Uning ishtirokchilarining 55 foizi Edinburg va London o‘rtasidagi ittifoqni saqlab qolish tarafdori edi. SNP bir necha yillardan beri Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etganligi sababli yangi ovoz berish zarurligini ta’kidlab keladi. 2016 yilda shotland saylovchilarining aksariyati milliy referendumda Brexitga qarshi chiqdi, Buyuk Britaniya umuman Yevropa Ittifoqidan chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Britaniya hukumati Shotlandiya bo‘yicha yangi referendum o‘tkazishdan bosh tortdi.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Shotlandiya Aleks Salmond

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing