Shols kanslerlikka nomzodini qo‘ydi

Olam

image

Germaniyaning Sotsial-demokratik partiyasi (SDPG) bugun, 11 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan partiya konferensiyasida partiya a’zosi va amaldagi kansler Olaf Sholsni joriy yil 23 fevraldagi saylovlar uchun kanslerlikka nomzod sifatida tasdiqladi. Bu haqda “Tagesschau” nashri xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, deyarli barcha delegatlar Sholsga ovoz bergan. Lekin partiyada SDPG nomzodini tanlashda Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistoriusni qo‘llab-quvvatlash haqida bahslar bo‘lgan. Ammo yakunda Pistorius kurashda ishtirok etishdan voz kechgan.

Ma’lumot uchun, Germaniya partiyalari 23 fevralga belgilangan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu saylovlar muddatidan yetti oy avval o‘tkaziladi. Hozirga qadar kanslerlikka nomzodlar orasida Xristian-demokratik ittifoqi (XDS) rahbari Fridrix Mers va Ittifoq 90/Yashillar partiyasining vitse-kansleri Robert Xabek ham bor.

“Associated Press” ma’lumotlariga ko‘ra, saylovlar arafasida o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalari Xristian-demokratik ittifoqi (XDS) va uning rahbari Fridrix Mersni 30 foiz qo‘llab-quvvatlash bilan yetakchi deb ko‘rsatmoqda. Ultrao‘ngchi “Germaniya uchun alternativa” partiyasi 20 foiz reyting bilan ommaboplik bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. Biroq boshqa partiyalar ushbu partiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, SDPG uchun ovoz berishga tayyor ekanligini bildirganlar 14-17 foiz atrofida bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Volter Shtaynmayer kansler Olaf Sholsning iltimosiga binoan Bundestagni (parlament) tarqatib yuborish qarorini qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Olaf Shol'ts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing