Shols Erdo‘g‘anni Berlinga taklif qildi
Olam
−
30 may 2023
2964Kecha, 29 may kuni Germaniya kansleri Olaf Shols Turkiyaning qayta saylangan Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, Turkiya rahbarini Berlinga taklif qildi. Bu haqda Germaniya Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt ma’lum qildi.
“Germaniya kansleri bugun Turkiya Respublikasining qayta saylangan Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi va uni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi”, degan Germaniya hukumati rasmiy vakili.
Shuningdek, rahbarlar ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikka yangi kuch bilan yondashishga va umumiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha oldindan kelishib olishga qaror qilgan.
Bundan tashqari, yetakchilar Sharqiy O‘rtayer dengizidagi vaziyatni tartibga solish, NATOda hozirda qabul qilinayotgan qarorlar, shuningdek, Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari bo‘yicha hamkorlik qilish niyatida ekanini bildirgan.
“Shu maqsadda Germaniya kansleri qayta saylangan Prezidentni Berlinga taklif qildi”, deydi Xebeshtrayt.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turi bo‘lib o‘tgandi. Oliy saylov kengashi raisi Ahmet Yener saylov byulletenlarining mutlaq ko‘pchiligini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘olib bo‘lganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, byulletenlarning 99,43 foizini sanab chiqish natijalariga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘an 52,14%, Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 47,86% ovoz olgan. Kecha, 28 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Erdo‘g‘anga telefon qilib tabriklagandi. Erdo‘g‘an esa Istanbuldagi chiqishida Mirziyoyev lozim bo‘lsa Turkiyaga yetib borishini bildirganini aytdi. AQSH Prezidenti Bayden, Rossiya Prezidenti Putin ham Erdo‘g‘anni g‘alabasi bilan qutladi.
LiveBarchasi