Shoir o‘zini osib o‘ldirgani ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Kecha, 5 noyabr kuni shoir Mansur Jumayev 33 yoshida olamdan o‘tgani haqida xabar bergan edik. Ma’lum bo‘lishicha, u o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 2024 yil  5 noyabr kuni taxminan soat 07:30 larda Mansur To‘rayevich Jumayev yashash xonadonida o‘zini osib vafot etgan. Ushbu holatni aniqlagan turmush o‘rtog‘i tez tibbiy yordamga murojaat qilgan.

Holatga nisbatan birlamchi tashxisga ko‘ra, u “bo‘yin sohasida strangulyatsion chizig‘i mavjud, yurak qon tomir nafas yetishmovchiligi” oqibatida vafot etgan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv  harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Mansur Jumayev 1991 yil 17 fevralda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. U hayotining so‘nggi kunlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Adabiy targ‘ibot va tadbirlarni uyushtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgandi.

Shoirning “Oq orzularim”, “Hayrat qo‘shiqlari”, “Hazrati ishq” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Yaqinda “Izlam” turkumida “Biz kutgan fasl” nomli she’riy to‘plami chiqqan. 

Shoir “Ota yurt”, “Oldinda bir yo‘l bor...”, “Sujud”, “Bolalik”, “Mening xatolarim”, “Esingdami, aka...”, “Ertak haqida ertak”, “Hayrat qo‘shig‘i”, “Kitobsevar qizga”, “Yigirma  asr tabibi”, “Yo‘lovchi qo‘shig‘i”, “Senga deganim” singari Vatanga, el-yurtga muhabbat, insoniy va ilohiy tuyg‘ular baland pardalarda kuylangan she’rlari bilan o‘quvchilar qalbidan joy olgan. 

Bir qator asarlari rus, ingliz, turk, ozarbayjon, tojik, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilinib, nufuzli xorijiy nashrlarda e’lon qilingan. 

Turli yillarda “Yoshlik”, “Sharq yulduzi” jurnallarida, “Yangi O‘zbekiston”, “Hurriyat”, “Kitob dunyosi” va boshqa markaziy nashrlarda she’r, hikoya, esse va publitsistik maqolalari chop etilgan. Jumladan, “Xon qizining hovlisida kechgan mushoira”, “Kichkina odamning ulkan qalbi”, “Uyqudagi go‘zallar mehmoni”, “Ulug‘ Attor va jajji jiyancham”, “Adiblari ardoqlangan yurt”, “Bulbul qachon baland sayraydi?”, “Velosipedni qaytadan kashf etamiz!” singari badiiy-publitsistik maqolalari o‘quvchini befarq qoldirmadi.

Mansur Jumayevning “Alfa”, “Arilar ko‘zyoshi” kabi hikoyalari nafaqat O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida, balki rus, ozarbayjon va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinib, adabiy-badiiy jurnallarda chop etilgan.

Marhumning dafn marosimi bugun, 6 noyabr kuni soat 11:00 da Qarshi shahrida o‘tkazilgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoira Bibisora Turobova 72 yoshida olamdan o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shoir Mansur Jumaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing