Shofirkonda karantin choralari kuchaytirilmoqda

Jamiyat

image
Respublika bo‘ylab “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlar ro‘yxati yangilandi. 6 viloyat “yashil” etib belgilandi north_east

Respublika bo‘ylab “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlar ro‘yxati yangilandi. 6 viloyat “yashil” etib belgilandi

Avvalroq, Shofirkondagi oilaning 7 nafar a’zosida koronavirus aniqlangani va tumanga kirib-chiqish cheklangani haqida xabar bergan edik. Buxoro viloyati Matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu tumandagi karantin choralari kuchaytirilmoqda.

"Shofirkon tumanida koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfi borligi bugungi kunda oldindan ehtiyot choralarini ko‘rishni taqozo etmoqda. Shu boisdan hozirda tumanda karantin ehtiyot choralari vaqtincha kuchaytirilgan. Bu bilan tuman aholisining kasallikka chalinish xavfidan ko‘proq himoya qilish nazarga tutilgan.

Xususan, ayni paytda «Tezguzar», «Kalon», «Dorigar», «Savolik» va «Region» qishloqlari hamda X.Orif MFY M.Ashrafiy ko‘chasiga kirish - chiqish yo‘llari hamda umumiy vaziyat to‘liq nazoratga olingan", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 28-30 may kunlari davomida tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan karantinga olingan hududlarda zararsizlantiruvchi eritma purkovchi 4 ta 600 litr hajmli ODN traktori va IIBning 1 dona maxsus «Vodomyot» mashinasi yordamida 1365 ta xonadonda zararsizlantirish ishlari olib borilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 30 may kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shofirkon tuman bo‘limi tomonidan karantinga olingan hududlarda 4 ta xizmat mashinalari orqali 27 ming 500 litr hajmdagi gippoxlorid eritmasi sepilib, dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan.

COVID-19 virusi aniqlangan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan 268 nafar (80 ta xonadon) shaxslar joriy yilning 23-30 may kunlari uy karantiniga olindi hamda ushbu xonadonlar 15 nafar IIB va 11 nafar Milliy Gvardiya xodimlaridan iborat guruhlar tomonidan qo‘riqlanmoqda.

Shuningdek, 30 may kuni Shofirkon tuman hokimligi tomonidan karantinga olingan Vobkent, G‘ijduvon va Peshko‘ tumanlari bilan chegara hududlaridan hamda tuman markaziga kiruvchi yo‘llarda harakatlanuvchi avtotransport vositalarini dezinfeksiya qiluvchi dizbardyorlar o‘rnatilgan.

Shu bilan birga, karantin hududida istiqomat qiluvchi fuqarolarga 6 tonna toza ichimlik suvi, 570 dona antiseptik vosita, 2300 dona niqoblar yetkazib berilgan. Karantin hududida xizmat olib boruvchi xodimlar ham antiseptik vositalar bilan to‘liq ta’minlangan.

Avvalroq, Buxoro viloyatining uch tumani «yashil» toifadan chiqarish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020 yil 15 iyunga qadar uzaytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

karantin Koronavirus O'zbekistonda Shofirkon

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing