Shohjahon Ergashev nimadan norozi?

Sport

Joriy yilning 18 iyun tongida o‘zbekistonlik professional bokschi Shahram G‘iyosov AQSHning Luiziana shahridagi boks kechasida amerikalik yengilmas Xarold Kalderonga qarshi ringga ko‘tarilib, hakamlarning yakdil qaroriga bilan g‘alabaga erishdi. Ushbu g‘alaba orqali G‘iyosov o‘z vazn toifasida WBA kamari uchun majburiy da’vogarga aylandi.

Ta’kidlash joiz, o‘zbekistonlik yana bir professional bokschi Shohjahon Ergashev G‘iyosov-Kalderon jangi oldidan o‘zbekistonlik bokschiga omad tilagandi. 

“Omad senga. Jangni yutgin, yutqazsang, sen bilan jang qilishning menga qizig‘i qolmaydi. Omad. Baribir urishamiz, deb aytdingku! Shuni kutib yuribman!”, degan edi Ergashev.

G‘iyosovning g‘alabasidan so‘ng Shohjahon Ergashev o‘z Instagram sahifasiga Xarold Kalderonning avvalgi janglaridan birini yuklab, o‘z fikrlarini yozib qoldirdi. 

“Bu bokschi ham faqat restoranlarda jang qilgan ekanda. Nega buni gapirmaysizlar? Men bu bokschini besh raundga olib bormas edim. G‘iyosovga raqibni “zo‘rini” topishibdi”, deydi Ergashev.

Shuningdek, Shohjahon Ergashev Shahram G‘iyosov mag‘lubiyatga uchratgan yana bir bokschi meksikalik Kristian Gomes G‘iyosovga munosib raqib bo‘lmaganiga ishora qildi. 

“Bu ham o‘z davrining chempioni”, deb istehzo qildi Ergashev.

Yuqoridagi fikrlari orqali Shohjahon Ergashev o‘z vaqtida o‘zi jang qilgan bokschilarga munosib baho berilmaganiga ishora qilgani kundek ravshan.

“Meni kimgadir yomonligim yo‘q. Hammani teng ko‘rmaysizlar. Gapirsangiz barchani xatosini birdek gapiring”, deya qo‘shimcha qildi Ergashev.

Savol tug‘iladi. Ergashev o‘zi nimadan norozi? Nega u G‘iyosovga tanlangan raqiblarni kuchsiz hisoblamoqda?

Uning aytishicha, o‘z vaqtida ayrim blogerlar Ergashevni har xil “aravakash” bokschilar bilan jang qilib, hozirgi darajasiga erishdi, deb aytgan.

“Nega o‘sha blogerlar Shahramga kelganda jim bo‘lib qoldi?” deydi Shohjahon Ergashev.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, biz OAVning bu bokschilarni, ya’ni Shahram G‘iyosov va Shohjahon Ergashevni bir-biriga qayrash niyatimiz yo‘q va biz ularning jangini tashkil qilish bilan ham shug‘ullanmaymiz, lekin bir narsani ta’kidlash joiz, endi G‘iyosov WBA kamariga majburiy da’vogar, Ergashev IBF kamariga yaqin. Agar ular o‘z vazn toifalarida jahon chempioni bo‘lsa va kamarlar sohibi sifatida jang qilsa, o‘sha jangning anonsi har tomonlama jarangli va shov-shuvli bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev Shahram G'iyosov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing