Shohjahon Ergashev IBF chempionlik kamariga da’vogarlik qilishi mumkin

Sport

image

Professional boksning super yengil vazn toifasida (63,5 kg) mag‘lubiyat va murosa nimaligini bilmay kelayotgan Shohjahon Ergashev navbatdagi jangini ham AQSHda o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.

Ayni paytda IBF reytingida 4-o‘rinni egallab turgan Shohjahon ushbu kamar uchun da’vogarlar, ya’ni eliminator jangida ringga chiqishi mumkin. Yaqin kunlarda raqib nomiga oydinlik kiritiladi. 

Ergashevning ta’kidlashicha, “Salita” promouterlik kompaniyasi ushbu jang tashkilotchiligi ustida ishlayapti.

“Tez kunlarda katta yangilik bo‘ladi. IBF kamari hozir vakant bo‘lib turibdi. Navbatdagi jangim eliminator maqomida bo‘lishi kerak. Promouter va menejerlarim bu bo‘yicha ishlashyapti”, degan Ergashev.

Qayd etish kerakki, Shohjahon Ergashev so‘nggi jangini AQSHning Texas shtati Detroyt shahrida tashkil etilgan prof boks oqshomida meksikalik Anxel Martines Ernandesga qarshi o‘tkazib, raqibini 5-raundda texnik nokautga uchratgan edi.

Ma’lumot uchun, Ergashev professional faoliyati davomida 23 ta jangda ringga chiqib, barchasida g‘alaba qozongan. Shohjahon 20 ta jangda raqiblarini nokautga uchratgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shohjahon Ergashev

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing