SHKTR TDT va IHTda kuzatuvchi maqomiga ega emas, u qabul qilinmagan – ekspert
Olam
−
13 noyabr 2023
53732022 yilning 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) sammitida Shimoliy Kipr Turk Respublikasi (SHKTR) tashkilotda kuzatuvchi maqomini olmagan. Samarqandda imzolangan hujjatda esa SHKTRning kuzatuvchi bo‘lishi ko‘rsatilmagan. Bu haqda o‘zbekistonlik siyosatchi, professor Sayfiddin Jo‘rayev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Gap shundaki, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Samarqandda o‘tgan sammitda Anqaradan bo‘lak dunyoning hech bir mamlakati tan olmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lib qo‘shilganini aytdi va buning uchun tashkilot davlatlari rahbarlariga minnatdorlik bildirdi.
2022 yilning 16 noyabr kuni Turkiy Davlatlar Tashkilotining Bosh kotibi lavozimini egallagan Kubanichbek Omuraliyev “Anadolu” agentligiga bergan intervyusida SHKTRning TDTga kuzatuvchi bo‘lib kirganini tasdiqladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, QALAMPIR.UZ jamoasi Istanbulda, Turkiy Davlatlar Tashkilotining Bosh shtab-kvartirasida bo‘lib, tashkilot binosida boshqa a’zo va kuzatuvchi davlatlar qatorida Shimoliy Kipr Turk Respublikasining ham bayrog‘i ilinganiga guvoh bo‘ldi.
2023 yilning mart oyida Tashkilotning Turkiya poytaxti Anqarada o‘tgan navbatdan tashqari sammitida esa SHKTR prezidenti Ersin Tatar boshqa Prezidentlar qatorida ishtirok etdi. O‘sha sammitda Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Shimoliy Kipr Turk Respublikasining bizga qo‘shilishi bilan oila kengashimiz yanada kuchaydi. Tashkilot o‘laroq biz Kipr Turk xalqiga kuchli va qat’iyatliligimizni namoyon etdik. Kipr Turk xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz. Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tan olinishi va kiprlik turk birodarlarimizga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishi uchun kurashimizni davom ettiramiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Joriy yilning 3 noyabr kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining 10-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda SHKTR prezidenti Ersin Tatar ko‘rinish bermadi. Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlar bayroqlari qatorida esa SHKTRning bayrog‘i yo‘q edi. Ammo ushbu yig‘inda Erdo‘g‘an Turkiy Davlatlar Tashkilotiga kuzatuvchi bo‘lgan SHKTR endi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida ham kuzatuvchi maqomini olishini aytdi.
9 noyabr kuni Toshkent Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammitiga mezbonlik qildi. Unda ishtirok etish uchun SHKTR prezidenti Ersin Tatar Toshkentga keldi, sammitda ishtirok etdi ham. Faqat u boshqa Prezidentlar bilan bir stolda emas, balki orqa qatordan o‘rin oldi. Sammit o‘tkazilgan joyda SHKTRning bayrog‘i ko‘rinmadi. Ersin Tatar Toshkentda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlar haqida tomonlar bergan rasmiy axborotlarda SHKTRning IHTda kuzatuvchi maqomini olgani aytildi.
Yuqoridagi faktlarga qaramay, siyosatchi, professor Sayfiddin Jo‘rayev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ikki tashkilot – Turkiy Davlatlar Tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga SHKTR kuzatuvchi o‘laroq qabul qilinmaganini, bu faqat Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning istagi ekanini aytyapti.
“Real harakat shundan iboratki, hali qabul qilingani yo‘q. Samarqand sammitida rais O‘zbekiston bo‘lgan va rasmiy tasdiqlangan hujjatda bu masala yo‘q”, deydi Sayfiddin Jo‘rayev.
U Ostonada o‘tgan sammitda SHKTRning IHTda kuzatuvchi maqomini olganiga munosabat bildirarkan, shunday dedi:
“Men bilgan hujjatlarda, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan sharoitda bu narsa yo‘q. Lekin bir narsa aniq, Turkiya tomoni shu taklifni kiritib kelyapti. Turkiyaning bu va boshqa takliflarni kiritishi tabiiy xol. Xuddi qabul qilingandek yetkazish – bu zid. Chunki u [SHKTR] qabul qilinmagan hali. Hatto, Samarqanddan keyin G20 ning sammiti bo‘ldi. O‘sha yerda ham Erdo‘g‘an “qabul qilindi”, deb aytdi. Bu Turkiyaning, Erdo‘g‘anning taklifi, tashabbusi. Lekin bu masalada qaror qabul qilingani yo‘q”.
Ushbu videointervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida yoki quyidagi videopleyerda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi