Shimoliy koreyalik qochqin Kim Chen Inni sudga berdi
Olam
−
11 iyul 7434 1 daqiqa
Shimoliy Koreyadan qochib chiqqan ayol Choy Min Kyung Janubiy Koreya poytaxti Seuldagi sudga Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ustidan jinoiy da’vo arizasi berdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ayol ushbu da’voni og‘ir qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik va tahqirlovlarga uchragani sababli berganini aytgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Choy Min Kyung 1997 yilda Shimoliy Koreyadan qochib Xitoyga o‘tgan, biroq 2008 yilda u majburan o‘z mamlakatiga qaytarilgan. U yerda hibsga olingan va qamoqda zo‘ravonliklarga uchragan. Bu voqealar uning ruhiy holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani sababli ayol haligacha dorilarga bog‘lanib qolgan. 2012 yilda u yana Shimoliy Koreyadan qochishga muvaffaq bo‘lib, Janubiy Koreyadan boshpana topgan.
Ayolning da’vo arizasida Kim Chen Indan tashqari yana to‘rt nafar Pxenyan rasmiysi ham ko‘rsatilgan. Choy xonim Shimoliy Koreyaning Inson huquqlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi markazi, BMT va Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
“Men bu kichik qadam kelajakda erkinlik va inson qadr-qimmatini tiklash uchun asos bo‘ladi, deb ishonaman. Oddiy shimoliy koreyaliklar endi bu zolim rejimdan aziyat chekmasligi kerak. Qiynoqlarni boshdan kechirgan jabrlanuvchi sifatida, men Kimlar sulolasini insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishga mas’ulman”, degan ayol o‘z bayonotida.
Live
Barchasi