Shimoliy koreyalik askar “mustahkam” chegaradan Janubga qochib o‘tdi

Olam

image

Kecha, 19 oktyabr kuni Janubiy Koreyada Shimoliy Koreya harbiysi qo‘lga olindi. U mamlakatlar o‘rtasidagi kuchli qo‘riqlanadigan chegarani kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, shimollik askar chegaraning mustahkam himoyalangan qismini bosib o‘tgach, hibsga olingan. Qayd etilishicha, bu – Li Chje Mën hukumati hokimiyatga kelganidan beri shimollik askarning Janubga qochgan birinchi ma’lum holati bo‘lgan.

“Yakshanba kuni harbiylar chegaraning markaziy qismidagi harbiy demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tgan Shimoliy Koreya askarini qo‘lga oldi”, deyiladi Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi bayonotida.

Janubiy Koreya qo‘shinlari askarni aniqlab, uni Janubga o‘tkazish uchun standart operatsiyani amalga oshirgan. Mutasaddi organlar hozirda qochishning sabablari va holatini tekshirmoqda.

“Hozircha Shimoliy Koreya harbiylarining g‘ayrioddiy harakatlari qayd etilmadi”, deyiladi qo‘mita bayonotida.

Qayd etilishicha, shimollik askarning Janubiy Koreyaga qochgan so‘nggi holati o‘tgan yil avgust oyida kuzatilgan. Koreya Respublikasini birlashtirish ishlari bo‘yicha vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Janubiy Koreyaga 236 nafar shimollik qochgan, ularning atigi uchtasi oradagi chegarani kesib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili KXDR Janubiy Koreya bilan temiryo‘l va avtomobil qatnovini to‘xtatish va chegarani “qal’aga aylantirish” niyatida ekanini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng, Shimoliy Koreya janubiy chegaraning sharqiy va g‘arbiy hududlarida Janubiy Koreya bilan temiryo‘l hamda avtomobil aloqalarini butunlay uzgan.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Janubiy Koreya Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing