Shimoliy Koreyaga oziq-ovqat inqirozi xavf solmoqda

Olam

image

Mutaxassislar Shimoliy Koreya muhim oziq-ovqat inqirozini boshdan kechiryotganini aytmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakat uchun surunkali oziq-ovqat tanqisligi noodatiy hol emas, biroq so‘nggi yillarda chegara nazorati, yomon ob-havo va sanksiyalar vaziyatni yomonlashtirgan. Davlat ommaviy axborot vositalari yuqori lavozimli amaldorlar fevral oyi oxirida qishloq xo‘jaligi siyosatidagi asosiy o‘zgarishlarni muhokama qilish uchun uchrashishi kutilyotganini xabar qilgan.

Shuningdek, matbuotda bu kabi muammolarni hal qilish uchun chet el yordamidan foydalanish “zaharlangan konfet”ga qiyoslangan. Ularda “imperialistlar” o‘z yordamidan mamlakatlarni talon-toroj qilish va bo‘ysundirish uchun tuzoq sifatida foydalanishi aytilgan.  

O‘z navbatida, Janubiy Koreyaning birlashish vazirligi ham oziq-ovqat taqchilligi haqida ogohlantirgan va Jahon oziq-ovqat dasturidan yordam so‘ragan. Janubiy Koreya rasmiylari sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarga asoslanib, Shimolda 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 180 ming tonnaga kam oziq-ovqat ishlab chiqarilganini ma’lum qilgan.

Aytish joizki, o‘tgan yili hosilning yomonligi va odamlar arzon muqobillarga murojaat qilishlari fonida oziq-ovqat narxlari oshgan. Xususan, guruchga nisbatan kamroq afzal ko‘riladigan makkajo‘xori narxi 2023 yil boshida 20 foizga qimmatlagan. 

“Agar odamlar ko‘proq makkajo‘xori sotib olsa, bu umumiy oziq-ovqat va ayniqsa, guruch kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotilari qimmatlashayotganini anglatadi. Hozirda guruchning bir kilogrami 3400 Shimoliy Koreya voni (3,80 AQSH dollari)ga baholanmoqda”, deydi Shimoliy Koreya bo‘yicha tahlilchi Benjamin Silbershteyn.

Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreya dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri hisoblanadi. Davlatning tovarlar va odamlarga nisbatan o‘rnatgan qat’iy chegara choralari tufayli chet elliklar uchun mamlakatga kirib, vaziyatni tekshirish yoki inqiroz davrida yordam yuborish qiyinlashgan.

Alibek Beyjanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shimoliy Koreya oziq-ovqat inqirozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing