Shimoliy Koreyaga qochgan amerikalik askarning taqdiri nima bo‘ldi?

Olam

image

Shimoliy Koreya chegarasini kesib o‘tgan amerikalik askar Trevis Kingni AQSH rasmiylariga topshirdi. Bu haqda AQSH rasmiylariga tayanib “Associated Press” agentligi xabar berdi. 

Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Millerning aytishicha, AQSHning Pxenyandagi manfaatlarini ifodalovchi Shvetsiya elchixonasi xodimlari Trevis Kingni Xitoyning Shimoliy Koreya bilan chegaradagi Dandong shahriga olib ketgan. U yerda askarni AQSHning Xitoydagi elchisi Nikolas Berns kutib olgan.

Dandun shahridan Xitoyning Shenyan shahri orqali harbiy xizmatchi Janubiy Koreyadagi Amerikaning Osan havo bazasiga uchib ketgan.

Trevis King KXDRdan boshpana olmoqchiligi haqidagi bayonotlarga qaramay, Pxenyan uning “iltimosi”ni qabul qilmagan.

“KXDRning tegishli organi respublika qonunchiligiga muvofiq, mamlakat hududiga noqonuniy kirgan amerikalik askar Trevis Kingni deportatsiya qilishga qaror qildi”, deyiladi Shimoliy Koreya rasmiylari bayonotida.

Ma’lumot uchun, Trevis King amerikalik harbiy razvedka zobiti bo‘lib, u 2021 yil yanvaridan beri armiya safida xizmat qilgan va bo‘linmalar rotatsiyasi doirasida Janubiy Koreyada joylashgan. Chegarani kesib o‘tishdan oldin King Janubiy Koreyada hujum qilishda ayblanib, ikki oylik qamoq jazosini o‘tagan. Kingning oilasi AQSH OAVlariga u armiyadagi irqchilik haqida gapirganini aytgan. Shuningdek, uning ruhiy salomatligi Janubiy Koreya qamoqxonasida bo‘lganidan keyin yomonlashgani aytilgan. Trevis King 10 iyul kuni qamoqdan ozod qilingan va intizomiy javobgarlikka tortish uchun AQSHga qaytib ketishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Trevis King Janubiy Koreyadan o‘zboshimchalik bilan demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tgan va KXDRda hibsga olingandi. Buni AQSH Mudofaa vazirligi ham tasdiqladi. 16 avgust kuni esa Koreya markaziy axborot agentligi Trevis King KXDR yoki boshqa bir uchinchi davlatdan boshpana so‘rash niyatida ekanini yozgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shimoliy Koreya Trevis King

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing