Shimoliy Koreya yadro qurolini sinovdan o‘tkazsa, oqibati nima bo‘lishi ochiqlandi
Olam
−
29 noyabr 2022
11343Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreya yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazishda davom etadigan bo‘lsa, ittifoqchilar bilan birgalikda misli ko‘rilmagan qattiq javob choralari ko‘rilishi haqida ogohlantirdi. Yun Sok Yol Xitoyni Shimoliy Koreyaning yadroviy qurollar va raketalar ishlab chiqarishiga qarshi kurashishga chaqirgan. Bu haqda “Reuters” agentligi yozmoqda.
Xitoy Shimoliy Koreyaning eng yaqin ittifoqchisi sifatida ko‘riladi. Janubiy Koreya Prezidenti esa Xitoyni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatidagi mas’uliyatini bajarishga chorladi.
Yun Sok Yolning fikriga ko‘ra, Xitoy Shimoliy Koreyani yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazishni to‘xtatishga undamasa, mintaqadagi vaziyat taranglashishi mumkin.
“Ishonchim komilki, Xitoy Shimoliy Koreyaga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega. Xitoy bu jarayonda ishtirok etish uchun javobgardir”, deydi Janubiy Koreya yetakchisi.
Shimoliy Koreyaning harakatlari mintaqa mamlakatlarida, jumladan, Yaponiyada mudofaa uchun amalga oshiriladigan xarajatlarning ko‘payishiga olib keladi. Shuningdek, mintaqaga Amerika Qo‘shma Shtatlarining samolyot va harbiy kemalari ko‘proq joylashtiriladi.
“Shimoliy Koreyani yadrosizlanishga undash uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirish Xitoy manfaatiga ham xizmat qiladi”, deydi Prezident.
Yun Sok Yoldan Shimoliy Koreya yana yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazadigan bo‘lsa, Janubiy Koreya va uning ittifoqchilari qay tarzda javob berishi mumkinligini so‘rashdi.
Prezidentning urg‘ulashicha, Janubiy Koreya va unga do‘st davlatlarning javobi oldin berilganlaridan qattiq bo‘ladi. Biroq Prezident bu javob nima bilan tugashiga aniqlik kiritishdan bosh tortgan.
“Shimoliy Koreyaning yettinchi yadro sinovini o‘tkazishi nihoyatda aqlsizlik bo‘lardi”, deydi Janubiy Koreya rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil Shimoliy Koreya rekord darajada ko‘p raketa sinovlarini o‘tkazdi. Mamlakat yetakchisi Kim Chen In Shimoliy Koreya dunyodagi eng qudratli yadroviy kuchga ega bo‘lish niyatida ekanini ma’lum qildi. Janubiy Koreya va AQSH rasmiylarining aytishicha, Shimol 2017 yildan beri birinchi marta yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlashga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi