Shimoliy Koreya TIV rahbari Moskvaga bordi
Olam
−
15 yanvar
5351Kecha, 14 yanvar kuni Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Soy Son Xi boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Moskvaga yetib bordi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Aeroportda delegatsiyani Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xodimlari, KXDRning Moskvadagi elchisi va respublikaning boshqa diplomatlari kutib oldi.
Rossiya TIVning ma’lum qilishicha, Soy Son Xi rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrovning taklifiga binoan 15-17 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ladi.
Qayd etish joizki, o‘tgan yilning oktyabrida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Pxenyanga borgandi. Tashrif ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 75 yilligini nishonlashga mo‘ljallangan. Lavrovni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In qabul qilgan.
2023 yil sentyabrida Kim Chen In Rossiyaga borib, “Vostochniy” kosmodromida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostin Rossiya qo‘shinlari 2 yanvar kuni Xarkovni o‘qqa tutishda Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalardan foydalanganini da’vo qilgandi. AQSH Davlat departamenti esa Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Shimoliy Koreyadan ballistik raketalarni Rossiya armiyasiga o‘tkazish bilan shug‘ullangan uchta tashkilot va bir shaxsga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Shuningdek, 50 ga yaqin davlatdan iborat guruh Shimoliy Koreyaning Rossiyaga raketalarini yetkazib berish va ulardan Ukrainaga qarshi foydalanishini qoralab chiqqandi.
LiveBarchasi