Shimoliy Koreya Rossiyaga milliardlab dollarlik qurol yetkazib berdi
Olam
−
28 Oktabr
6757Shimoliy Koreya qurollarini Rossiyaga yetkazib berish hajmi milliardlab dollarni tashkil etadi. Bu haqda bugun, 28 oktyabr kuni Germaniyaning Fridrix Nauman fondi xabar berdi.
“Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri KXDR Moskvaga 1,7 milliard dollardan 5,5 milliard dollargacha bo‘lgan qurol-yarog‘larni o‘tkazdi”, deyiladi fondning o‘z tadqiqotlari natijalariga asoslanib e’lon qilgan xabarida.
Qayd etilishicha, agar Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashsa, Pxenyanning Rossiya bilan harbiy hamkorlikdan olgan daromadi yuzlab million dollarga oshishi mumkin. Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qurol yetkazib berish hajmini aniq baholash mumkin emas, chunki Pxenyan rasmiylari qurol eksporti bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmaydi.
Shimoliy Koreyaning dengiz orqali yetkazib berilishini kuzatish paytida olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayangan Janubiy Koreya razvedka xizmatlari hisobotlariga ko‘ra, Pxenyan Rossiyani asosan artilleriya snaryadlari va qisqa masofali raketalar bilan ta’minlaydi.
“Ukrainadagi urush Sharqiy Osiyodagi xavfsizlik vaziyatini yomonlashtirdi. Rossiya va Shimoliy Koreya xalqaro tartibni beqarorlashtirishga harakat qilmoqda”, dedi Fridrix Nauman jamg‘armasining Janubiy Koreya bo‘limi rahbari Frederik Spohr.
Janubiy Koreyaning Xankuk chet tillar universiteti xodimi Elena Huseynova boshchiligidagi “Putinning hamkori” deb nomlangan tadqiqotda razvedka hisobotlari, oshkor qilingan maxfiy hujjatlar va Shimoliy Koreyaning avvalroq qurol-yarog‘ savdosidan tushgan o‘q-dorilar narxi o‘rganilgan.
Janubiy Koreya Markaziy bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning 2023 yil uchun umumiy yalpi ichki mahsuloti 23 milliard dollarga aylantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi haftalarda Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. NATO Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaga topshirilganini tasdiqladi. Pxenyan Ukrainaga askar yuborganini rad etmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin KXDRdan Rossiyaga mumkin bo‘lgan harbiy yordam haqidagi savolga javob berar ekan, u avvalroq ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan har tomonlama strategik sheriklik shartnomasi bilan tartibga solinganini aytdi.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi