Shimoliy Koreya Rossiya yordamida josuslik sun’iy yo‘ldoshini uchirishga tayyorlanmoqda – OAV 

Olam

image

Shimoliy Koreya Rossiya yordamida josuslik sun’iy yo‘ldoshini uchirishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Yaponiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati xabar berdi.

Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlarida aytilishicha, bu josuslik sun’iy yo‘ldoshi hisoblanib, Rossiya Ukraina bilan urushdagi yordamga javoban Pxenyanga ushbu yo‘nalishda ko‘mak bermoqda. Janubiy Koreya rasmiylari KXDR o‘zining ikkinchi harbiy josuslik sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarish niyatida ekani haqida avvalroq ma’lum qilgan edi.

“KXDR bildirishnomasida Koreya yarimoroli va Filippinning Luson oroli yaqinidagi dengizda raketa tashuvchi qurilma qoldiqlari tushishi mumkin bo‘lgan uchta xavfli zona aniqlandi”, deb xabar bermoqda “Kyodo” agentligi.

Janubiy Koreyaning yuqori martabali rasmiysi “Yonhap” agentligiga Rossiya Federatsiyasidan ko‘plab mutaxassislar KXDRga josuslik sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishda yordam berish uchun kelganini aytgan. Manbaga ko‘ra, bu Vladimir Putin o‘tgan yili Shimoliy Koreyaning sun’iy yo‘ldosh dasturini qo‘llab-quvvatlashga va’da berganidan keyin sodir bo‘lgan.

KXDR so‘nggi bor o‘tgan yilning noyabr oyida josuslik sun’iy yo‘ldoshini uchirgan va 2024 yilda orbitaga yana uchta shunday qurilmani chiqarishga va’da bergan.

2022 yilning sentyabr oyida KXDR ko‘p sonli sanksiyalar va BMT rezolyutsiyalariga zid ravishda, “dushman kuchlar” tomonidan hujum tahdidi yuzaga kelgan taqdirda qarshi zarbalar berish imkonini beruvchi yadro quroli to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, o‘zini rasman yadroviy davlat deb e’lon qilgan.

Harbiy tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning josuslik sun’iy yo‘ldoshlarini uchirishi, Pxenyanga o‘zining potensial raqiblari haqida harbiy ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning mart oyida Janubiy Koreya va AQSH 2018 yildan buyon birinchi marta KXDR tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yadroviy tahdidga qarshi kurashish maqsadida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi.

Ma’mura To‘rayeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made