Shimoliy Kiprda yo‘lovchilar kemasi ag‘darilib ketdi. Qurbonlar bor
Olam
−
10:32 590 2 daqiqa
Shimoliy Kipr qirg‘oqlari yaqinida bortida 250 dan ortiq yo‘lovchisi bo‘lgan kema ag‘darilib ketdi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Qayd etilishicha, Filo Denizcilik kompaniyasining Girnedan (Kireniya) Turkiyaning Tashuju portiga suzib ketayotgan kemasi tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi hududidagi Girne qirg‘oqlaridan taxminan 2 kilometr uzoqlikda ag‘darilib ketgan.
Bortda 259 nafar yo‘lovchi va 8 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Ba’zi OAVlar 267 dan 279 kishigacha bo‘lgan raqamlarni keltirmoqda. Kemaning tumshuq qismi teshilib, suv to‘plana boshlagan, shundan so‘ng kapitan uni qirg‘oqqa burmoqchi bo‘lgan, biroq kema baribir ag‘darilib ketgan.
“Halok bo‘lganlar va og‘ir yaralanganlar bor”, deb xabar berdi Shimoliy Kipr transport vaziri Erhan Arikli.
Yo‘lovchilar orasida Germaniya va Eron fuqarolari bo‘lgan.
Voqea joyiga sohil xavfsizlik katerlari va qutqaruv vertolyoti yuborilgan, qidiruv-qutqaruv operatsiyasini kuchli to‘lqinlar qiyinlashtirmoqda. Girne shahri hokimi Murat Shenkul qutqaruvchilar 159 nafar yo‘lovchi bilan aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lganini, hozirga qadar yuzga yaqin kishi qirg‘oqqa olib chiqilganini ma’lum qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 8 kishi halok bo‘lgan, 23 nafar yo‘lovchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Tergov harakatlari boshlangan, sakkiz kishi qo‘lga olingan.
Erhan Arikli qidiruv-qutqaruv ishlari uchun barcha mavjud resurslar safarbar etilganini — sohil xavfsizlik katerlari, vertolyotlar va fuqarolik kemalari jalb qilinganini ma’lum qilgan. Shuningdek, dengizga Casa turdagi samolyot va ikkita uchuvchisiz uchish apparati yuborilgan. Favqulodda xizmatlarning sa’y-harakatlariga qaramay, kuchli to‘lqinlar qiyinlashtiruvchi omil bo‘lib qolmoqda.
Girne portida dala gospitali tashkil etilgan.
Live
Barchasi