Hormuz yaqinida hujumga uchragan 2 ta kema cho‘kib ketdi. Qurbon bor

Olam

−

image

Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida so‘nggi 24 soat ichida snaryad hujumiga uchragan ikkita kema cho‘kib ketdi. Hodisalardan birida ekipajning bir a’zosi halok bo‘ldi, ikkinchi kemadagi 21 nafar ekipaj a’zosi esa qutqarib qolindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Singapur bayrog‘i ostida suzgan GFS Pride konteyner tashuvchi kemasi joriy yilning 13 oktyabr kuni Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan vaqtda snaryad bilan hujumga uchragan. Kema shikastlanib, bortida yong‘in chiqqan va keyinchalik cho‘kib ketgan. Singapur dengiz va port ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, ekipajning 21 nafar a’zosi xavfsiz evakuatsiya qilingan. Hech kim jarohatlanmagan.

Ikkinchi kema – Antigua va Barbuda bayrog‘i ostida suzgan Cape Dao quruq yuk tashuvchi kemasi. U joriy yilning 23 sentyabr kuni snaryad bilan hujumga uchragan edi. BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, kema kecha, 14 oktyabr kuni Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida cho‘kib ketgan. Hujum paytida ekipajning bir a’zosi halok bo‘lgan, qolganlar evakuatsiya qilingan.

Qayd etilishicha, GFS Pride va Cape Dao AQSH va Eron o‘rtasidagi urush joriy yilning 28 fevral kuni boshlanganidan beri cho‘kib ketgan ikkinchi va uchinchi kemalar bo‘ldi.

“Reuters”ga ko‘ra, so‘nggi 10 kun ichida Hormuz bo‘g‘ozi atrofida kemalarga hujumlar keskin ko‘paygan. Eron AQSHning portlariga qo‘ygan blokadasi va kuchaytirilgan sanksiyalariga javoban zarbalarni oshirayotganini bildirgan.

Urushdan oldin dunyo bo‘yicha neft va suyultirilgan tabiiy gaz savdosining qariyb beshdan bir qismi Hormuz bo‘g‘ozi orqali amalga oshirilgan. Shu sababli ushbu hududda kemalarga hujumlar kuchayishi jahon energetika ta’minoti xavfsizligi yuzasidan xavotirlarni oshirmoqda.

“Reuters” suhbatlashgan ikki nafar yuqori martabali eronlik rasmiyning aytishicha, Eron bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalarga qarshi yangi taktikalarni qo‘llamoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tehron neft narxlarini yuqori darajada ushlab turish va AQSHdagi oraliq saylovlarga ta’sir ko‘rsatishni ham ko‘zlamoqda.

Dengiz xavflarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi MARISKS kompaniyasi tijorat kemalariga tahdid faqat neft tashuvchi tankerlarga taalluqli emasligini bildirgan. Kompaniya konteyner tashuvchi va quruq yuk kemalari ham jiddiy zarar ko‘rayotganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Qurolli kuchlari so‘nggi 12 hafta ichida Eronga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasini buzishga uringan yoki Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq bo‘lgan 13 ta tijorat kemasini yo‘q qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing