Indoneziyada 243 kishi bo‘lgan kema bo‘ron vaqtida bedarak yo‘qoldi
Olam
−
14:07 123 1 daqiqa
Indoneziyada bortida 243 kishi bo‘lgan “Virgo Transport 8” kemasi bo‘ron vaqtida aloqaga chiqmay qo‘ydi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Indoneziya Milliy qidiruv-qutqaruv agentligi (Basarnas) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ob-havo sharoiti yomonlashganidan so‘ng kema ekipaji taxminan mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da aloqaga chiqmay qo‘ygan. Kemadan olingan so‘nggi signal Bandjarmasin shahridagi Basirih qutqaruv pristanidan taxminan 80 dengiz mili uzoqlikdagi hududdan kelgan.
“Kemaning so‘nggi qayd etilgan joylashuvi Bandjarmasindagi SAR Basirih pristanidan taxminan 80 dengiz mili uzoqlikda edi”, degan qidiruv-qutqaruv operatsiyasi koordinatori I Putu Sudayana jurnalistlarga.
Qidiruv-qutqaruv ishlariga Indoneziya Harbiy-dengiz kuchlari, suv politsiyasi hamda maxsus “KN SAR Laksmana 241” kemasi jalb qilingan.
Bildirilishicha, qutqaruvchilar qidiruv jarayonida zamonaviy uskunalardan, jumladan, Starlink sun’iy yo‘ldosh terminalidan foydalanmoqda. Bortdagi odamlar soni ko‘pligi sababli operatsiya kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning Sharqiy Yava provinsiyasidagi Surabaya shahridan Janubiy Sulavesidagi Makasarga yo‘l olgan, bortida 271 kishi bo‘lgan yo‘lovchi paromi yonib ketgandi.
Live
Barchasi