“Shimoliy hududlar” Yaponiyaning ajralmas qismi – Takaichi
Olam
−
17:40 613 2 daqiqa
Yaponiya rasmiylari hududiy masalani hal qilish va Rossiya bilan tinchlik shartnomasini tuzish kursini saqlab qolmoqda, ammo Tokioning pozitsiyasi o‘zgarmaydi. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni mamlakat Bosh vaziri Sanae Takaichi parlament sessiyasi ochilishi munosabati bilan qilgan nutqida so‘z ochdi.
“Biz hukumatimizning hududiy masalani hal qilish va tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha siyosatiga amal qilamiz”, deydi Bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “shimoliy hududlar” tarixiy jihatdan ham, xalqaro huquq nuqtai nazaridan ham Yaponiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. U, shuningdek, Ukrainada davom etayotgan harbiy harakatlar fonida Rossiya bilan munosabatlarning murakkab xususiyatini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Yaponiya Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha Kuril orollarining janubiy qismiga egalik qilish borasidagi kelishmovchiliklar sababli tinchlik shartnomasini tuzmagan. Tokio Iturup, Kunashir, Shikotan va bir guruh mayda Xabomai orollarini “shimoliy hududlar” deb atab, ularga da’vo qiladi. Moskva Kuril orollariga egalik qilish masalasini yopiq deb hisoblaydi va ular ustidan Rossiya suvereniteti mavjudligini qayd etadi. 1956 yilda urush holatini tugatish to‘g‘risidagi qo‘shma sovet-yapon deklaratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra SSSR tinchlik bitimidan so‘ng Yaponiyaga Xabomai va Shikotanni qaytarib berish majburiyatini olgan edi, ammo 1960 yilda Yaponiya AQSH bilan xavfsizlik shartnomasini uzaytirganidan so‘ng Moskva ushbu majburiyatlardan voz kechdi.
2022 yilda Tokio tomonidan joriy etilgan sanksiyalar fonida Rossiya Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Iturup oroliga tashrifidan so‘ng Moskva va Tokio o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi. Yaponiya rasmiylari norozilik bildirdi, Bosh vazir esa janubiy Kuril orollari “Yaponiyaning azaliy hududi” ekanini yana bir bor ta’kidladi. Rossiya TIV ushbu da’volarni rad etdi.
Live
Barchasi