Shifokorlar isitma va holsizlik alomati bilan murojaat qilgan fuqaroni to‘rt marta uyiga qaytargan – prokuratura vakili

Jamiyat

image

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro 5 marotaba isitma va holsizlikdan shikoyat qilib shifokorlarga murojaat qilgan. Shifokorlar uni 4 marotaba muolajalar ko‘rsatib, uyiga jo‘natishgan. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni AOKA shtabida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i Sodiqjon Berdialiyev ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, ushbu fuqaro 16 kun davomida ushbu alomatlar bilan yurgan. Hozirda u bilan muloqot qilgan tibbiyot xodimlari va boshqalarda koronavirus aniqlanmoqda.

"Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro 19 mart kunidan 4 aprel kuniga qadar, ya’ni 16 kun mobaynida tana harorati ko‘tarilib, holsizlik sezayotgani bois 4 marta Yunusubod tumanidagi 51-sonli oilaviy poliklinikaga va 1 marta 7-sonli shahar klinik shifoxonasiga murojaat qilgan.

Shifokorlar unga tibbiy yordam va muolajalar ko‘rsatib, uyiga ketishiga ruxsat berishgan. Ushbu fuqaroning sog‘lig‘i og‘irlashib, beshinchi marta shifoxonaga murojaat qilganidan so‘nggina undan virusologik tekshiruv uchun namuna olingan. Tekshiruv natijasida unda koronavirus aniqlanib, u va u bilan muloqotda bo‘lgan 30 nafar fuqaro karantinga olindi", deydi Sodiqjon Berdialiyev.

Shuningdek, ushbu brifing davomida hozirda kasallik yuqtirishi mumkin bo‘lgan xavfli guruhlar haqida ma’lumot berilgan. Aynan ushbu fuqarolarda koronavirus kasalligi aniqlanishi ehtimoli boshqa fuqarolardan ko‘ra yuqori. Bular:

- bozorlarda va katta savdo do‘konlarida savdo qilayotgan sotuvchilar;

- ichki ishlar postlarida tunu-kun ko‘plab fuqarolar bilan muloqotda bo‘lib ishlayotgan xodimlar;

- tibbiy xizmat xodimlari,

- umumiy tartibda karantinda saqlanib turgan fuqarolar hisoblanadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha kasallanganlarning 107 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus Shifokorlar

Baholaganlar

313

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing