Sheremetevodagi samolyot yong‘inida qutqaruvchilarning xato qilgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
14 may 2019
10965Xabaringiz bor, joriy yilning 5 may kuni Sheremetevo xalqaro aeroportida SSJ-100 samolyoti qayta qo‘nishni amalga oshirgandan so‘ng yonib ketgan edi.
Ushbu samolyotining halokatga uchrashi yuzasidan tashkil etilgan tergov guruhi Sheremetevo xalqaro aeroporti qutqaruv bo‘linmasining ushbu vaziyatdagi harakatlarini tekshiruvdan o‘tkazdi. Bu haqda Lenta nashri xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, aviahalokatni o‘rganish bo‘yicha ekspertlar oldiga 50dan ortiq vaziyat bo‘yicha savollarga javob topishi masalasi qo‘yilgan. Shulardan biri, qutqaruvchilarning halokat chog‘idagi harakati va ularning xalqaro talablarga muvofiq faoliyat olib borishi bilan bog‘liq.
Tekshiruvlar natijasida, Sheremetevo xalqaro aeroporti Parvozlarni nazorat qilish boshqarmasi mas’ullari “halokat signali“ni samolyot aeroportga qo‘nganidan 80 soniya o‘tgach e’lon qilgani oydinlashdi. Vaholanki, xalqaro me’yorlarga ko‘ra, bunday choralar samolyotda nosozlik yuz berganligi haqida xabar olingan paytda, aeroportga qo‘nishni amalga oshirmasdan oldin ko‘rilishi kerak.
Shuningdek, tergov guruhi, yonayotgan SSJ-100 samolyotiga birinchi yordam ko‘rsatish uchun yetib kelgan qutqaruv texnikalari uchish-qo‘nish yo‘laklari bo‘ylab joylashgan punktlardan emas, balki depo tashqarisidan jalb qilinganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari qoidaga ko‘ra, yong‘inni bartaraf etish uchun zarur 6 ta texnika vositasi jalb qilinishi kerak bo‘lgan. Ammo aeroport mas’ullari ushbu vaziyatda dastlabki olti daqiqa mobaynida faqat 2 ta yong‘inni bartaraf etish texnikasining ushbu halokatni bartaraf etish jarayoniga jalb qilgan.
Eslatib o‘tamiz, SSJ-100 bilan bog‘liq aviahalokat oqibatida 41 kishi halok bo‘lgan edi.
LiveBarchasi