Parvozga kechikkan xonimlar uchuvchidan samolyotni to‘xtatishni talab qildi (video)

Olam

image

Rossiyaning Moskva shahridagi Sheremetevo xalqaro aeroportida reysga kechikkan ikki ayol samolyotga yetib olish uchun uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib, samolyotni to‘xtatishga urindi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 25 iyul kuni sodir bo‘lgan. Ayollar “Aeroflot” aviakompaniyasining reysiga kechikkan. Ular parvoz oldidan barcha xavfsizlik nazoratlaridan o‘tgan va samolyotga chiqishdan oldingi yopiq hududda bo‘lgan. Biroq keyinchalik ruxsatsiz ravishda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib, uchayotgan samolyot ortidan yugurgan.

Qayd etilishicha, videolarda ayollar qo‘llaridagi yuklari bilan samolyot tomon yugurib, uchuvchiga qo‘l siltayotgani va uni to‘xtatishga urinayotgani ko‘rinadi. Shundan so‘ng ular aeroport xodimlaridan biriga murojaat qilgan. Xodim vaziyat haqida havo harakatini boshqarish xizmatiga radio orqali xabar bergan.

Ko‘p o‘tmay boshqa aeroport xodimlari ham voqea joyiga yetib kelib, ayollarni samolyotdan uzoqlashtirishga uringan. Yo‘lovchilar va xodimlar o‘rtasida tortishuv ham yuzaga kelgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayollar xavfsizlik talablarini buzib, ruxsatsiz ravishda taqiqlangan hududga kirgan. Shuningdek, ular qo‘lga olinib, Federal xavfsizlik xizmati xodimlariga topshirilgan.

Aeroport vakillari voqea vaqtida boshqa yo‘lovchilarning xavfsizligiga tahdid bo‘lmaganini bildirgan. Ayollarning taqiqlangan hududga qanday kirib olgani esa hozircha noma’lum.

Mazkur holat yuzasidan transport prokuraturasi tomonidan tergov boshlangan. Tekshiruv doirasida aeroport va aviakompaniya xodimlarining voqea paytidagi harakatlariga ham huquqiy baho berilishi kutilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayollarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Xyuston shahrida Detroytga parvoz qilishi kerak bo‘lgan Frontier Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti bortidagi yo‘lovchilardan biri bomba bilan tahdid qilgani sabab evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing