Shayxontohur tumanining barcha soliqchilari ishdan haydalgani rad qilindi

Jamiyat

image

Kecha, 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining shaxsiy tarkibi ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati bu xabarlar haqiqatdan yiroqligini ta’kidladi va mazkur masala yuzasidan ayim ma’lumotlarni ochiqladi.

Ayni paytda faqatgina Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi rahbari lavozimidan ozod etilgan. Boshqa xodimlarni ishdan bo‘shatish to‘g‘risida hech qanday buyruq qabul qilinmagan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 4 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi davomida Toshkent shahridagi qator tumanlar davlat soliq inspeksiyalari shaxsiy tarkibini yangilash haqida topshiriq bergan.
O‘z navbatida Davlat soliq qo‘mitasida videoselektorda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilib, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari inspeksiyalari boshliqlarining o‘z lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risidagi Davlat soliq qo‘mitasining buyrug‘i e’lon qilindi.

Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda Toshkent shahri davlat soliq xizmati organlarining shaxsiy tarkibi faoliyatini zudlik bilan ko‘rib chiqish, ularning lavozimga layoqatliligini baholash bo‘yicha maxsus ishchi komissiyasi tuzildi. Shuningdek, maxsus ishchi komissiya zimmasiga zamonaviy dunyoqarashga ega, o‘z ishiga mas’uliyatli yosh mutaxassislarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Bugungi kunda maxsus ishchi komissiya Toshkent shahar Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlarining lavozimga layoqatliligini o‘rganmoqda. Bu haqda batafsil axborot beriladi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq Shayxontohur

Baholaganlar

34

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing