Shayxontohur ortidan Kattaqo‘rg‘on! DSQ navbatdagi tanqidga ham raddiya bilan chiqdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishdan keyin, Toshkent shahar Shayxontohur tumani soliq inspekitsyasi xodimlari lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Shunday so‘ng, Davlat soliq qo‘mitasi ushbu xabarlarni rad etib chiqdi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda bu bilan bog‘liq axborotlar tin olayotgani yo‘q. Shikoyatlar, davlat soliq qo‘mitasining yolg‘on xabar tarqatayotgani bilan bog‘liq murojaatlar QALAMPIR.UZ’gacha yetib keldi. 

Unda qayd etilishicha, 4 aprel kuniyoq Shayxontohur tumanida soliq idorasi xodimlari lavozimidan ozod etilgan. Kasallik varaqasi bilan ishga chiqmayotgan, qolaversa, mehnat ta’tilida bo‘lgan xodimlar ham shu kuniyoq ishga chaqirtirilib, arizasi olingani haqida ma’lumotlar mavjud. Shu kunning o‘zida har bir tumandan 4 nafardan xodimlar nomzodi olinib, bo‘sh qolgan o‘rinlarga ishga qabul qilingan. 

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatiga qaratilgan navbatdagi tanqidiy maqola e’lon qilindi. Unda qayd etilishicha, soliq idoralari xodimlari dam olish kunlari ham majburan ishga jalb qilingan. Davlat soliq qo‘mitasi ushbu xabarlarga nisbatan ham raddiya bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:

“Joriy yilning 8 aprel kuni internet tarmog‘ida chop etilgan “Soliqchilar dam olish kunisiz ishlash va yarim tunga qadar davom etadigan selektorlardan charchadik” sarlavhali tanqidiy maqolada keltirilgan holatlar o‘rganib chiqildi.  

Davlat soliq xizmati organlarida sog‘lom turmush tarzini joriy etish maqsadida,  Davlat soliq qo‘mitasining 2019 yil 18 fevraldagi 39-sonli buyrug‘i qabul qilingan bo‘lib,  mazkur buyruq talablaridan kelib chiqqan holda haftaning yakshanba kuni dam olish kuni deb e’lon qilingan (DSBda 2019 yil 20 fevral kuni 72-sonli buyruq qabul qilingan).  

Joriy yilning II choragi davomida davlat soliq xizmati organlarining (shu jumladan Kattaqo‘rg‘on shahar DSIning) ayrim xodimlari faqatgina bir marotaba,  ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 martdagi 217-f-sonli farmoyishiga muvofiq 2019 yil 30-31 mart kunlari mehnat qonunchiligiga muvofiq ishga jalb qilinib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan ikki hissa miqdorda haq to‘lanishi yoki xodimlarning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni (otgul) berilishi belgilangan.  

Shunga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on shahar davlat soliq inspeksiyasining ayrim xodimlari joriy yilning 30-31 mart kunlari mehnat qonunchiligiga muvofiq ishga jalb qilinib, ularga ikki hissa miqdorda haq to‘langan.  

Davlat soliq xizmati organlarining Ichki mehnat tartibi qoidalariga muvofiq, tizim xodimlari uchun 8 soatlik ish vaqti, ya’ni ertalab soat 9:00 dan kech soat 18:00gacha (tushlik vaqti soat 13:00dan 14:00gacha) belgilangan bo‘lib,  mazkur norma shuningdek, xodimlarning belgilangan muddatlarda mehnat ta’tillariga chiqishlari va ta’tildan chaqirib olinishida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 144-moddasi, 1-qismi hamda 147-moddasi talablariga rioya etilishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.  

Bundan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasining 2016 yil 15 apreldagi 155-sonli buyrug‘i talablaridan kelib chiqqan holda, tizim xodimlari hamda soliq to‘lovchilar o‘rtasida muomala madaniyati normalari belgilangan bo‘lib, ushbu norma talablariga muvofiq xizmat yig‘ilishlari va boshqa holatlarda xodimlarning haqoratlanishi va kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Tanqidiy maqolada keltirilgan holatlar joriy yilning 12 aprel kuni viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqilganda,  mehnat qonunchiligiga rioya etmaslik holatlari qayd etilmadi”.  
 


Maqola muallifi

Teglar

Davlat soliq qo'mitasi

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing