Jahon banki inqirozga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga 200 mln dollar ajratdi
Jamiyat
−
01 may 2020
4982Jahon banki koronavirus oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistonga 200 mln dollar ajratdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘z Twitter`dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan samarali iqtisodiy-ijtimoiy siyosatni e’tirof etish va qo‘llab-quvvatlash sifatida bugun Jahon bankining direktorlar kengashi O‘zbekistonga 200 million dollar ajratishni ma’qulladi.
Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlashga, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi”, deb yozdi Qo‘chqorov o‘zining mikroblogida.
Jahon banki tomonidan e’lon qilingan xabarda yozilishicha, bu qo‘shimcha moliyalashtirish O‘zbekistonda koronavirus oqibatlarini yumshatish uchun ajratilmoqda.
Jahon Bankining direktorlar Kengashi taraqqiyot siyosatini qo‘llab-quvvatlash operatsiyasi doirasida O‘zbekistonga qo‘shimcha 200 million dollar taqdim etish haqidagi qarorni tasdiqladi. Ushbu mablag‘ koronavirus (COVID-19) pandemiyasining aholi salomatligi, uning ijtimoiy farovonligi va mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan hukumat chora-tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Soliq tushumlarining keskin qisqarishi va hukumatning inqirozga qarshi kurash dasturi doirasida davlat harajatlarining kutilmaganda oshib ketishi sharoitida mazkur moliyaviy ko‘mak davlat byudjetini qo‘shimcha mablag‘ bilan ta’minlaydi.
O‘zbekiston koronavirusning mamlakatda tarqalishini cheklash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasida zaruriy choralar va ijtimoiy masofalanishni puxta rejalashtirib, amalga oshirdi. Biroq boshqa mamlakatlarda kuzatilgani singari, jahon iqtisodiyotidagi o‘sish sur’atlarining pasayishi va karantin cheklovlarining salbiy oqibatlari fuqarolar va xususiy sektorga kuchli ta’sir qildi. Mazkur ta’sirni bartaraf etish maqsadida hukumat sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishni kuchaytirish, aholi zaif qatlamlarining ijtimoiy himoyasi va biznesni himoyalash bo‘yicha chora-tadbirlarni kengaytirishga, shuningdek, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasini saqlab qolishga yo‘naltirilgan inqirozga qarshi choralar majmuasini qabul qildi.
"Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan qo‘shimcha moliyaviy resurslar O‘zbekiston hukumatining pandemiya tarqalishining oldini olish hamda uning aholi va milliy iqtisodiyotga ta’sirini pasaytirishga yo‘naltirilgan inqirozga qarshi dasturini amalga oshirishga ko‘maklashadi", deya ta’kidlaydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori.
Ushbu ko‘mak Jahon banki direktorlar Kengashi tomonidan 2019 yil iyun oyida O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ma’qullangan 500 million dollarlik taraqqiyot siyosatini qo‘llab-quvvatlash operatsiyasi (TSQO) bilan bog‘liqdir. TSQO doirasida qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ajratish zaruriyati hukumat tomonidan pandemiya boshlangunga qadar ushbu operatsiya jadal sur’atlarda amalga oshirib kelinayotgan paytda koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy inqiroz natijasida davlat byudjetida kutilmagan tanqislikning yuzaga kelishi bilan asoslandi.
Mazkur moliyaviy ko‘mak Jahon banki va taraqqiyot sohasidagi boshqa xalqaro hamkorlarning muvofiqlashtirilgan javoblari doirasida shu turdagi ko‘makning dastlabki qismi bo‘lib, u inqirozga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish va mamlakatda 2017 yildan buyon amalga oshirib kelinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar natijalarini saqlab qolishga qaratilgan.
Yuqorida keltirib o‘tilgan 200 million dollar joriy yilning 24 aprelida Jahon banki tomonidan ma’qullangan 95 million dollar miqdoridagi mablag‘ga qo‘shimcha sifatida ajratiladi. Ta’kidlash joizki, ushbu mablag‘lar O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash milliy tizimi faoliyatini takomillashtirish va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumatning tezkor choralari doirasida ijtimoiy himoyani kuchaytirishga mo‘ljallangan.
LiveBarchasi