Ortiqxo‘jayevning o‘rinbosari Yandex Taxi`ni yopishni taklif qilyapti (video)

Jamiyat

Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xotambek Shokirov Toshkentda Yandex Taxi faoliyatini to‘xtatib, taksi xizmatini ko‘rsatuvchi mahalliy korxona tashkil etish va kirakashlar faoliyatini legallashtirish taklifini kiritdi. Bu haqda u kecha, 18 sentyabr kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qildi. 

“Bugungi kunda respublikamiz hududida 10 mingdan ortiq, shu jumladan Toshkent shahrida 50 mingga yaqin fuqarolar norasmiy kirakashlik bilan shug‘ullanadi. Hammamizning xabarimiz bor, Yandex Taxi, Millenium va shunga o‘xshagan mobil ilovalar orqali taksi xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Bugungi kunda mana shu faoliyatlar noqonuniy hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka asosan ularning faoliyatini to‘xtatishimiz kerak, yopishimiz kerak. Bu masala hali ham ochiq turibdi”, deydi hokim o‘rinbosari.

U so‘zida davom etarkan, taksi xizmatini ko‘rsatayotgan shirkatlar foaliyatini to‘xtatish o‘rniga, boshqa taklifni o‘rtaga tashladi: 

“Bizning pozitsiyamiz shunday bo‘lyaptiki, bularning faoliyatini to‘xtatish kerak emas, buni legallashtirish kerak.  Bunda biz ikki-uchta narsaga norozi bo‘lyapmiz. 

Birinchidan, Yandex Taxi`ning serveri xorijda joylashgan. Bizning shaxsiy ma’lumotlarimiz, kim qayerga borgani u yerda ko‘rinib turadi. Server Toshkentda bo‘lishi kerak. 

Ikkinchidan, unga a’zo bo‘lgan avtomobil egalarining litsenziyasi, avtomobilni ijaraga notarius orqali topshirishi kerak. Avtomobil ekipaji sifatida o‘zi ham korxonada ishlashi kerak”.

Hokim o‘rinbosari ma’ruzasini davom ettirib, Yandex Taxi kabi loyihalarni mahalliylashtirish va O‘zbekiston qonunchiligiga mos shaklda ishlab chiqish uchun bir necha tadbirkorlar hoziru nozir bo‘lib turganini aytdi. 

“Biz Yandex Taxi`ga o‘xshagan o‘zbek milliy agregatorlarini tashkil qilish taklifini bergandik. Agar bu qonunchilikda o‘zining aksini topsa, bunday tashabbuskorlar juda ko‘p.  Haydovchi a’zo bo‘ladi. A’zo bo‘lgan vaqtda avtomobili ko‘rikdan o‘tkaziladi. Avtomobilning yiliga, rusumiga, holatiga baho beriladi. Agar lozim topilsa, a’zo qilinadi. A’zo qilingandan keyin, uni sariqqa bo‘yashning hojati yo‘q. Yorliq olib yopishtiradi. Ana shunday keyin uning mobil ilovasiga dastur o‘rnatiladi”.

Xo‘sh, taksi haydovchilarining salomatligi-chi? Bu yerda soliq, mahalliylashtirishdanda dolzarbroq inson salomatligi yotibdi. Boisi, taksi haydovchisi faqatgina o‘zining emas, bir necha kishining salomatligi, ta’bir joiz bo‘lsa hayotiga mas’ul bo‘ladi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tadimi? Hokim o‘rinbosari bu savolga quyidagicha aniqlik kiritadi:  

“Bu yerda bir muammo ko‘tariladiki, u ertalab yo‘lovchi tashishga chiqsa, uning sog‘lig‘iga kim javob beradi?  Har kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakmi? Hozir ham hech kim tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgani yo‘q. “Spravka” qanday ahvoldaligini o‘zimiz bilamiz.

Bu masalaning ham texnik yechimi bor.  Shunday imkoniyatlar borki, har bir AYOQSHga IP-kamera o‘rnatilishi mumkin. Haydovchi ertalab ishga chiqishdan avval, kameraning yoniga borib, ko‘zi bilan tik qaraydi. “Pusk” tugmasini bosadi, ko‘zining qorachig‘idan uning kimligi aniqlanadi. Qon bosimi qanchaligi va salomatligi to‘g‘risida 80% ma’lumotni olish mumkin bo‘ladi. Agar mana shundan o‘tolsa, uning dasturi ishga tushadi”. 


Xotambek Shokirov mazkur masala yuzasidan fikrlarini yakunlarkan, agar mana shu tajriba O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgudek bo‘lsa, yiliga 430 milliard so‘m qo‘shimcha soliq undirish mumkin bo‘lishini ta’kidladi.  


Maqola muallifi

Teglar

Xotambek Shokirov

Baholaganlar

582

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing