Toshkentda yangi tadbirkorlarga binolar 1 yilga bepul beriladi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2019
6804Poytaxt Toshkentda “biznes inkubator” binolari barpo etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xotambek Shokirov ma’lum qildi.
“Toshkent shahrida yer cheklangan, bo‘sh turgan binolar soni ham ko‘p emas. Har bir binoda ikki, boring ana 10 ta tadbirkor hosil bo‘lsa, umumiy hisobda 500 ta yo 1000 ta tadbirkor hosil bo‘lishi mumkin. Shu bilan yer ham, bino ham tugaydi. Shuning uchun taklif bermoqchimanki, Toshkent shahrida tajriba tariqasida “biznes inkubator” binolarini barpo etaylik. Bo‘sh turgan binolarni ishlatish yoki yangi binolarni barpo etish orqali bo‘lg‘usi tadbirkorlarga mana shu binolardan foydalanish huquqi bir yil muddatga ijara to‘lovisiz beriladi va ularga hisobchi, yurist va boshqa konsalting xizmatlar ko‘rsatiladi”.
Xotambek Shokirovning mazkur taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ham ma’qul keldi.
“Bir yil davomida tadbirkor o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Bundan buyon Toshkentda biznesning asosiy yo‘nalishi sifatida aql sotish belgilandi. Shu ma’noda biz aytayotgan ofislarda, tadbirkorlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib, bir yildan keyin uchirma bo‘lib chiqib, ijaraga bino olib, tadbirkorligini davom ettirishga moslashishi kerak bo‘ladi. Ijaraga moslasha olmaydigan tadbirkor – salohiyatli tadbirkor emas. U yana o‘z ustida ishlashi kerak. Bir yildan keyin bo‘shagan “biznes inkubator”imizga esa yangi tadbirkorlarni jalb qilamiz”, deydi Shokirov.
Ayni vaqtda respublikada, ayniqsa, poytaxt Toshkentda tadbirkorlik masalalari dolzarb bo‘lib turibdi. Joriy yilning 17 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Ushbu yig‘ilishda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish borasida Prezident Toshkent shahriga jiddiy e’tirozlar bildirgan. Shu bois Tanzila Norboyeva raisligida tadbirkorlik va kichik biznes masalalarida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Xotambek Shokirov “biznes inkubator”lar bo‘yicha taklifini davom ettirar ekan, poytaxtda ijara tizimini rivojlantirish, bunga dosh beradigan tadbirkorlarni ko‘paytirishga to‘xtaldi:
“Uchrashuvlarda juda ko‘p murojaatlar bo‘lyapti. Kam ta’minlangan oilalar, ayollar, yigitlar, kollejni bitirgan yoshlarning tadbirkorlik qilish niyati bor, ammo dasmayasi yo‘q, binosi yo‘q. Yer bering, bino bering degan murojaatlar ko‘p. Yerning ham, binoning ham chegarasi bor. Agar biz “biznes inkubator”lardan foydalansak, ularga ijara tizimiga moslashishni o‘rgatsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi”.